Huawei 1
“Dok-1 Maks, Sinepar Kid, Ambronol”. Toshkentda  yana 10 ga yaqin bola shifoxonaga yotqizildi

Avvalroq, O‘zbekistonda “DOK-1 MAX” preparatini iste’mol qilish oqibatida vafot etgan bolalar soni 19 nafarga yetgani xabar qilingan edi.

Shu bilan birga, Toshkent shahridagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida ham 10 nafarga yaqin bola shamollash asoratlari sabab reanimatsiya boʻlimida davolanayotgani maʼlum qilindi. 

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (16-shahar shifoxonasi) bolalar reanimatsiya boʻlimi boshligʻi Alisher Mustaqimov hozir 14 bemor reanimatsiya boʻlimida davolanyotgani, ularning 10 nafari shamollash asoratlari bilan yotganini aytdi.

“Hozirgi paytda buyrakka asorat berayotgan respirator infeksiyalar soni bir muncha oshgan. Buyrak yetishmovchiligi bilan yotgan kasallar oʻzi har doim boʻlgan. Hozir ham bor. Ayni vaqtda oshib ketdi, koʻpaydi deyolmayman. 10 nafar bemorning bir necha nafarining onasi shamollashga qarshi boʻlgan dorilarni ichishganini aytdi. Lekin, bu hozircha oʻz tasdigʻini topgani yoʻq. Hozir bitta doriga taqalib qolishdan yiroqdamiz. Chunki, bunday dorilarni ichmasdan buyrak kasalligi bilan ogʻriganlar ham bor. Bir necha xil dorilarni birga qabul qilgan bemorlar ham bor. Ularning bittasini qoʻllagan bemorlar ham bor”, — deydi shifokor.

Tibbiyot markaziga kelgan bemorning qarindoshi jiyani oʻtkir buyrak yetishmovchiligi tashxisi bilan davolanayotganini ta'kidladi.

“Buxoro viloyatidan keldim. 2 yoshli jiyanim hozir bolalar qabul boʻlimida yotib, davolanyapti. Kelganimizga ikki kun boʻlgan boʻlsa, hozir u koma holatiga tushgan. Koʻpchilik qatori unda ham oʻtkir buyrak yetishmovchiligi tashxisi qoʻyilgan. Lekin, jiyanim „Dok-1 Maks“ siropini qabul qilmagan. Oxirgi shamollagan davrida „Quramax“ kompaniyasining „Abronol“ siropini qabul qilgan”, — dedi Yolqin Muqimov.

Uning davolanayotgan bolalarning ota-onalaridan eshitgani boʻyicha soʻzlab berishicha, bolalariga hammasi ham “Dok-1 Maks” siropini ichirmagan. Balki, xuddi oʻsha “Quramax” kompaniyasining (“Dok-1 Maks” dorisini Oʻzbekistonga aynan Quramax Medical MCHJ import qilgan) Hindistondan keltirilgan boshqa nom ostidagi dorilarini ichirishgan.

“Boshqa ota-onalardan soʻrasak, Sinepar Kid va boshqa dorilarini isteʼmol qilishganini aytib oʻtyapti. Rasmiylardan shu dorilarni ham qoʻshimcha tekshiruvga olishlarini soʻraymiz. Haqiqatdan ham bolalardagi oʻtkir buyrak yetishmovchiligi kasalligiga „Ambronol“ siropi tarkibidagi etilenglikol moddasini haddan miqdori koʻpligi sabab boʻlyaptimi yoki yoʻq?”, — deydi bemorning yaqini.

Shuningdek, u jiyani “Ambronol” siropini bir hafta oldin kuniga 2 mahal qabul qilganini aytib oʻtdi.

“Hozir jiyanim ushbu siropidan kasal boʻlganmi yoki yoʻq, bu haqda qoʻlimda hech qanaqa isbotim yoʻq. Yaqinlarimning aytishicha bir oy oldin jiyanimga „Dok-1 Maks“ siropini berishgan. U hech qanaqa asorat qoldirmagan. Dorini shifokor tavsiyasi bilan olingandi. Lekin, bu yerda shifokorda nima ayb yoki bu vaziyatni ommaga oshkor qilgan insonlarda nima ayb? Dorixonachi ham bu yerda aybdor emas. Ayb kimda boʻlishi mumkin? Sotilishidan oldin dorini tekshiradigan instansiyalar bor. Mana shu yerdagi masʼullardan ham vaziyatni soʻrash kerak, deb oʻylayman”, — deya taʼkidladi u.

Yana bir “Ambronol” siropini qabul qilgan bemorni Surxondaryodan uning bobosi Erkin Doniyorov olib keldi.

“Surxondaryo viloyatidan keldim, 8 kundan beri nevaram shu shifoxonada yotibdi. Hozir holati ogʻir, 6 ta dializ oldi. Kasal boʻlishidan 15 kun oldin „Ambronol“ dorisini ichgan, menimcha oldin ham bu dorini ichgandi. Birinchi boshlanganda, ertalabgacha temperatura qilib, qusib chiqdi. Uni qishloq shifoxonasiga olib bordik. U yerdan tuman markaziga yuborishdi. Tuman markazidan viloyatga. U yerda tekshirib koʻryaptiki, haqiqatdan ham buyrak ishlamayapti. Bola 3−4 kun peshob ajratmadi. Surxondaryoda dializ qilishga sharoit yoʻq ekan. Keyin Toshkentga keldik. Poytaxtdagi shifoxonada peshob ajratishni boshladi. Hech nimaga pul soʻrashgani yoʻq. Men bilan birga Muzrabod tumanidan bir sherigim ham keldi. Uning oʻgʻli „Dok-1 Maks“ ichgan ekan. U ham shu shifoxonada yotibdi. U ham, mening nevaram ham asta-asta peshob ajrata boshladi. Lekin, baribir bu masalaning oxiriga yetish kerak”, — dedi u.

Buxoro viloyatidan kelgan yana bir bemorning dadasining soʻzlariga koʻra, uning farzandi shamollash kasalligining oldini olish uchun “Sinepar Kid” siropini ichgan.

“Buxoro viloyatining Romitan tumanidan keldim, oʻgʻlim shu yerda yotibdi. Shamollaganda «Sinepar Kid” degan sirop berganman. Kelganimizga 4 kun boʻldi. Dorini esa 8 kun oldin ichgandi. U boshida qayt qildi, temperaturasi koʻtarildi. “Sinepar Kid”ni bundan avval ham berardik. Oxirgisi menimcha yomon chiqdimi, bilmadim. Buxorodan asosiy 3 ta ogʻir kasallar Toshkentga yuborilgan. Qolganlar viloyatda davolanyapti. Oʻsha paytda shifokor 22 bemor sigʻadigan joyda, 72 nafar bemor bolalar borligini aytgandi», — dedi u.

Reanimatsiya boʻlimi boshligʻining soʻzlariga koʻra, 28-dekabr kuni 2 yoshli Jizzax viloyatidan kelgan bemor vafot etdi.

“3−4 kun ichida faqat bir bemor vafot etdi, bundan boshqa hozircha vafot etganlar boʻlmadi. Unda shamollashning oʻtkir respirator infeksiyasi hisobiga buyrak yetishmovchiligi holati yuzaga kelgan. U ham shu „paratsetamol“ qaysidir bir turini qabul qilgan”, — dedi Alisher Mustaqimov.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 71809 | Инструменты