Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi turistik firmalardan birining 4 nafar xodimi 3 nafar fuqaroni ishchi vizasi orqali “Haj” ziyoratiga yuborish evaziga 7 ming AQSH dollaridan hamda 1 nafar fuqaroni sayyohlik vizasi orqali yuborish evaziga 5 ming AQSH dollari, jami 26 ming AQSH dollari talab qilishib, oldindan 20 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ushlandi.
Xizmatning Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Marg‘ilon shahrida faoliyat yurituvchi turistik firmaning ish yurituvchisi 2 nafar fuqaroni “Umra” safariga yuborish evaziga 2400 AQSH dollari, shuningdek, 3 nafar fuqaroni “Haj” ziyoratiga yuborish evaziga 15 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Xizmatning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Namangan shahrida yashovchi, 1999 y.t. shaxs joriy yilda “Haj” safariga yuborish bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarga soxta eʼlonlar joylab, 3 nafar fuqaroning ishonchiga kiradi. Ularning har biridan 4900 AQSH dollari, jami 14.700 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Xizmatning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Chust tumanida faoliyat yurituvchi turistik firma rahbari “Umra” ziyoratini tashkil etish uchun tegishli litsenziyaga ega bo‘lmay turib, 3 nafar fuqaroni 1350 AQSH dollaridan, jami 4050 AQSH dollariga “Umra” ziyoratiga yuborishini aytib, shundan 4 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Toshkent shahrida yashovchi, 1998 y.t. shaxs poytaxtda faoliyat yurituvchi masʼuliyati cheklangan jamiyat orqali 5 nafar fuqaroni jami 27 ming AQSH dollari evaziga “Haj” vizasi asosida diniy amallarni bajarish uchun Saudiya Arabistoniga yuborishni vaʼda qilib, oldindan 13.500 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan barcha qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, “Umra” safariga borishdan oldin har qanday turistik firmaning Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan taqdim etilgan “Umra” litsenziyasi borligini tekshirish tavsiya etiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51413 | Инструменты