Aziz Abduhakimov Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi chiqishida Toshkent shahrining yashillik darajasi 34 foizdan 13 foizgacha tushgani haqidagi ma’lumotlarga izoh berdi.
Parlament eshituvida deputat Ravshan Begmatov poytaxtning yashillik darajasi bilan bog‘liq savollarni o‘rtaga tashladi.
Internetda tarqalgan ma’lumotlardan 2016-yildan 2023-yilgacha poytaxtning yashillik darajasi 34 foizdan 13 foizgacha tushganini ko‘rishimiz mumkin. Bu borada mutasaddi vazirliklar birgalikda nazoratni yetarli darajada olib boryaptimi? Shuningdek, deputat daraxt ko‘chirib o‘tkazishga ruxsat berish masalasida ham izoh so‘radi.
"Bugungi kunda 600 ga yaqin maxsus planshetlar vositasida Toshkent shahrida daraxtlar inventarizatsiyadan o‘tkazilyapti. 29 mingga yaqin daraxt noqonuniy kesilgan, 10,5 mingtasi qimmatbaho daraxtlardir. Buning uchun 45 milliard so‘mlik jarimalar qo‘llanildi.
Men ham bu xabarni (34 foizdan 13 foizgacha tushgani) ko‘rganimda hayron bo‘ldim. Metodologik asosi ko‘rsatilmagan. Hozirgi kunda Toshkentda 3 mln. 458 mingta daraxt mavjud. Agar yuqoridagi raqamlarga e’tibor qaratilsa, o‘sha paytda 9 million daraxt bo‘lgan degan tasavvur paydo bo‘ladi. Bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. O‘rganganimizda 2021-2022 yillarda 29 mingta daraxt kesilgan. Bu mavjud daraxtlarning 2-2,5 foizini tashkil etadi. Bu (13 foizga tushgan degan raqam) menimcha, odamlarning e’tiborini qaratish uchun, yashillik darajasini saqlashga qattiqroq e’tibor qaratish uchun aytilgan bo‘lsa kerak. Albatta, yashillikka e’tibor qaratamiz", deydi Abduhakimov.
Ekologiya vaziri shuningdek, daraxtlarni ko‘chirish mexanizmi haqida to‘xtalarkan, bu ko‘p hollarda aholi manfaatlariga ham qaratilgan bo‘lishini aytdi.
"Masalan, metro qurilishida bir qancha daraxtlarni kesishga to‘g‘ri keladi. Lekin mutasaddi vazirlik sifatida biz bunga qarshi bo‘lishimiz kerak. Ammo metro jamoat transportini aholiga yengillashtiradi. Aholiga qulaylik nuqtayi nazardan shunga majburmiz.
Daraxtlarni ko‘chirish mexanizmi qonunchilikda belgilanmagan, albatta. Toshkent shahrida bu masalaga juda qiziqib ketgan rahbarlarni ishdan ham olib tashladik. Shaharda bir oyga daraxt ko‘chirish va kesishga ruxsat berishni to‘xtatib qo‘ydik. Hozirda daraxtlarni ko‘chirish tartibi, holati va talablariga oid hujjat ustida ish olib borilmoqda", – dedi Aziz Abduhakimov.
Alpha version: 0.9.1.19 build 70618 | Инструменты