Huawei 1
Ekspertlar Xalqaro valyuta jamg‘armasi tavsiyalarini tanqid qilmoqda

24-iyun kuni Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston iqtisodiyoti bo‘yicha o‘z xulosalari yuzasidan axborot berdi. Jamg‘arma, jumladan, soliq siyosati va maʼmurchiligi yuzasidan o‘z tavsiyalarini bildirdi. Soliq siyosatida adolat bo‘lishi uchun jismoniy shaxslar daromad solig‘ining amaldagi tartibini (12%lik stavka) progressiv shkalaga (kim pul topsa, o‘sha ko‘proq to‘lashi kerak) o‘tkazishni tavsiya qilgan. Bundan tashqari, hukumatga kelgusi uch yil mobaynida daromadlarni oshirishning o‘rta muddatli strategiyasini ishlab chiqishni maslahat berdi. Bu, jamg‘arma ekspertlari fikricha, 2020-yildan boshlab yalpi ichki mahsulotning 2%i miqdoridagi yo‘qotishlarni qoplashga yordam beradi.

Iqtisodchi Yuliy Yusupov XVJning bu tavsiyalariga qarshi. Uning fikricha, O‘zbekistonda byudjet tushumlari o‘sishiga qaramay, davlat xarajatlari undan tezroq o‘smoqda. Bu holat byudjet taqchilligi va davlat qarzining ortishiga sabab bo‘lmoqda. Xalqaro valyuta jamg‘armasi mantig‘iga ko‘ra, buni soliq yukini oshirish orqali hal etish mumkin, ammo bu yondashuv rivojlangan iqtisodiyotlarga xos. O‘zbekiston esa nihoyatda past YAIMli kambag‘al iqtisodiyotga ega davlat bo‘lib, unda yuqori soliq yuki biznes raqobatbardoshligini tushirib yuboradi. Davlat xarajatlari YAIMga nisbatan katta ulushni tashkil etib, hatto rivojlangan mamlakatlar darajasidan ham oshgan.

Yana bir masala. Yuliy Yusupovning qayd etishicha, O‘zbekistonda to‘liq bozor iqtisodiyoti shakllanmagan: asosiy qarorlarni xususiy sektor emas, mansabdorlar qabul qiladi. Ular imtiyozlar, subsidiyalar va soliqlar orqali davlat xarajatlaridan foydalanmoqda, ammo jamiyat nazorati yo‘qligi tufayli bu xarajatlar cheklanmas darajada o‘sib bormoqda. Bunday vaziyatda iqtisodiy o‘sishni taʼminlash uchun davlat xarajatlarini keskin qisqartirish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish, soliq va qarz yukini yengillashtirish, bojlar va imtiyozlarni qayta ko‘rib chiqish, eng muhimi esa — mansabdorlarni bozordan uzoqlashtirish va raqobat muhitini taʼminlash talab etiladi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov esa XVJning daromad solig‘ini tabaqalashtirish taklifiga rozi bo‘lmaslik kerak, deb qayd etgan.

Uning fikricha, bu juda yomon va qanchalik g‘alati eshitilmasin, antiijtimoiy taklif. Chunki, deb yozadi ekspert, oxirgi yillarda daromad solig‘idan tushumlar ulushda ham, summada ham tezroq o‘smoqda. Yaʼni mehnat bozori oqarishdan, daromad solig‘i to‘lovchilar soni o‘sishdan to‘xtagani yo‘q, buni rasmiylar ham parlamentdagi oxirgi chiqishida tan olgan. O‘sib boruvchi shkalaga o‘tish soliq tushumlarini bir martalik o‘stirishi mumkin, lekin mehnat bozorining oqarishi taqa-taq to‘xtaydi, yana ommaviy konvertga qaytish boshlanadi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, yuqori daromad egalari, yaʼni boylar O‘zbekiston sharoitida daromadlarini korporativ xarajatlar orqali yoki dividend orqali chiqarib olishadi, aslo ish haqi orqali emas. Shuning uchun, ijtimoiy adolat haqida gap ketsa, dividend solig‘ini oshirish (daromad solig‘i stavkasigacha) yoki shaxsiy isteʼmolga ketayotgan korporativ xarajatlarni soliq bazasiga kiritishni ilgari surish lozim.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 62621 | Инструменты