“O'zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to'g'risida” gi prezident farmoni (PF-61-son, 26.03.2025 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko'ra, 2025-yildan “El-yurt umidi” jamg'armasining yangi stipendiya yo'nalishi sifatida “Yorqin iste'dod” loyihasi joriy etiladi.
Bunda quyidagilar nazarda tutiladi:
- har yili iqtidorli, bilimga chanqoq, og'ir oilaviy sharoiti sababli o'qish imkoniyatiga ega bo'lmagan kambag'al oilalar farzandlarini xorijda o'qitish maqsadida har bir mahalladan faol yoshlarni saralash;
- saralab olingan yoshlarning iqtidorini aniqlash orqali ularni salohiyatiga mos xorijiy oliygohlarga yuborish uchun tayyorgarlik kurslarida o'qitish;
“El-yurt umidi” jamg'armasiga joriy yilda “Yorqin iste'dod” loyihasi uchun 300 milliard so'm ajratiladi.
“El-yurt umidi” jamg'armasi orqali xorijiy mamlakatlarda ta'lim olib qaytgan stipendiatlar milliy kadrlar zaxirasiga to'g'ridan-to'g'ri kiritiladi hamda ular davlat organlari, tashkilotlari va muassasalariga tanlovsiz ishga olinadi.
2025-yil 1-iyundan:
- nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 100 talik ro'yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta'lim tashkilotlarida ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan 35 yoshgacha bo'lgan mutaxassislarga uy-joy sotib olish uchun uy-joy joylashgan hududdan kelib chiqib, o'n yil muddatga BHMning 2 150 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda ajratiladi;
- nufuzli xalqaro fan olimpiadalari g'olib va sovrindorlariga to'lanadigan bir martalik pul mukofotining amaldagi miqdorlari 5 baravarga oshiriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42607 | Инструменты