O‘zbekistonda turizm sohasini yanada rivojlantirishga va turizmning hududlar yalpi ichki mahsulotdagi ulushini oshirishga ustuvor masala sifatida e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatimizga sayyohlar oqimining keskin oshib borayotganligi munosabati bilan hududlardagi turistlar tashrif buyuradigan obyektlar va avtomagistrallar bo‘ylarida hozirgi zamon talablariga to‘liq javob beradigan hamda imkoniyati cheklangan shaxslar qulay va to‘siqsiz foydalanish imkoniyatlari yaratilgan umumfoydalanishdagi sanitariya-gigiyena shoxobchalarini barpo qilish va foydalanishga topshirish zaruriyati borgan sari dolzarb masalaga aylanmoqda hamda ushbu masalaga yuqori darajada e’tibor qaratilmoqda.
Turizm qo‘mitasi tashabbusi bilan bugun, 17-aprel kuni mazkur yo‘nalishda o‘z faoliyatini namunaviy tarzda yo‘lga qo‘ygan Eng yaxshi Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyasi (AGTKS), Avtomobillarga gaz quyish stansiyasi (AGQS) va Avtomobillarga yoqilg‘i quyish stansiyalari (AYoQS)ning “Quality service” sertifikatlari bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbirni Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev ochib berdi.
“2017-yildan shu kunga qadar respublika bo‘yicha 10 mingdan ortiq sanitariya-gigiyena shoxobchalari hozirgi zamon talablari asosida yangidan qurildi va qayta ta’mirlandi.
Bu borada erishayotgan yutuqlarimizda barcha turdagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish stansiyalarining o‘rni beqiyosdir. Chunki, tashkil etilgan sanitariya-gigiyena shoxobchalarining 5 mingga yaqini yoki qariyb 50 foizi yoqilg‘i quyish stansiyalariga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-sentyabrdagi “Yo‘lbo‘yi va turistik infratuzilmani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 793-sonli qarori qabul qilingan vaqtda yoqilg‘i quyish stansiyalarining atigi 20 foizi zamonaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalari bilan ta’minlangan bo‘lsa, birgalikda olib borgan sa’y-harakatlarimiz natijasida ushbu ko‘rsatkichni 95 foizdan oshirishga erishdik”, - dedi Qo‘mita raisi Umid Shadiyev.
Bu yilgi o‘rganishlar natijalariga ko‘ra respublika va hududiy ishchi guruh a’zolari kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha va har bir hududdagi aholi va turistlarga qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatish borasidagi faoliyatini namunaviy tarzda yo‘lga qo‘ygan AGTKS, AGQS va AYoQSlar g‘olib deb topildi hamda Turizm qo‘mitasi tomonidan taqdirlandi.
Shuningdek, 2025-yilni “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinganiga hamohang holda O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha ilk bor Eng yaxshi “Yashil ekologik hudud”li yoqilg‘i tarqatish stansiyasi ham aniqlandi hamda boshqalarga ham namuna sifatida tavsiya qilindi.
Bundan tashqari, Respublika ishchi guruhi o‘rganishlarida faol ishtirok etgan xodimlar va Hududiy ishchi guruhlar faoliyatini yo‘lga qo‘yishda samarali faoliyat ko‘rsatgan hududiy Turizm boshqarmalari mas’ul xodimlari ham Tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42003 | Инструменты