Erondan Turkmaniston orqali 60 ga yaqin O‘zbekiston fuqarolari vatanga qaytarildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Qayd etilishicha, Yaqin Sharqdagi murakkab vaziyat tufayli qator davlatlar, jumladan O‘zbekiston ham o‘z fuqarolarini xavfsiz ravishda vataniga qaytarish bo‘yicha faol chora-tadbirlar ko‘rmoqda.
Bunda Turkmaniston rahbariyati tashabbusi bilan ushbu davlat o‘z hududini tranzit maqsadlari uchun taqdim etgani, xalqaro gumanitar yordam ko‘rsatishdagi faol ishtiroki va ulkan hissasi, mamlakat chegara punktlari, vokzal va aeroportlarida yaratilgan qulay sharoitlar, ko‘p sonli davlatlar fuqarolarining tezkor va xavfsiz evakuatsiya qilinayotgani xalqaro hamjamiyat tomonidan keng e’tirof etilmoqda.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining ko‘rsatmalariga muvofiq, mamlakatning Tehron va Ashxoboddagi diplomatik vakolatxonalarda kecha-yu kunduz ishlaydigan tezkor shtablar tuzildi. Tezkor shtab Eronda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini Turkmaniston orqali vataniga qaytarish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirmoqda.
O‘zbekistonning Tehrondagi elchixonasi vatandoshlarning xavfsiz harakatlanishini ta’minlash bo‘yicha doimiy aloqa va muvofiqlashtiruv ishlarini olib boryapti. Ashxoboddagi elchixona esa Turkmaniston rasmiylari bilan hamkorlikda fuqarolarini chegarada kutib olish, viza va transport masalalarini hal etish hamda vataniga qaytarish jarayonini samarali tashkil etmoqda.
Bugungi kunga qadar Erondan Turkmaniston orqali jami 60 ga yaqin O‘zbekiston fuqarolari vatanga qaytarildi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning hech bir fuqarosi e’tiboran chetda qolmaydi va Vataniga yetib olishi uchun barcha tegishli choralar ko‘riladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 72705 | Инструменты