Hafta oxiriga borib Farg‘ona vodiysi viloyatlaridagi (Andijon, Namangan va Farg‘ona) gaz quvurlarida tabiiy gaz bosimining ko‘tarilishi kutilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida (AGTKSH) gaz bosimining ko‘tarilishiga qarab, ularning faoliyati bosqichma-bosqich tiklanishi rejalashtirilmoqda.
Avvalroq, gaz bosimi pasaygan kunlarda birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan bir maromda ta’minlash zarur hisoblanganligi sababli AGTKSHlar faoliyatiga majburiy cheklovlar kiritilgandi.
"Quvurlarda gaz bosimini bir me’yorga keltirish va ushbu me’yorni saqlab turish uchun AGTKSHlari qisqa vaqt oralig‘ida reja-grafik asosida faoliyat yuritib boradi", - deyiladi vazirlik xabarida.
Eslatib o'tamiz, bundan oldin Toshkentdagi 35 ta gaz "zapravka"lari faoliyati tiklangani haqida xabar bergan edik.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20706 | Инструменты