Avvalroq, Farg‘onada xizmat xonasida karta o‘ynagan hokimlik xodimi ishdan ketgani haqida xabar bergan edik. Dilshodbek Daliyev o‘zining Facebook'dagi sahifasida 24-oktabr kuni ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozganini bildirgan edi.
Shundan so'ng, holat yuzasidan o‘rganish ishlari boshlangani xabar qilingan edi.
Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidovning "Uzreport.news" manbasiga ma'lum qilishicha, karta o‘ynagan davlat xizmatchilari ishi 26-oktabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Uchko‘prik tuman sudida o'tkazilgan ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan.
Qayd etilishicha, huquqbuzarlar D.D., S.R., Q.O. va A.R.ni sodir etgan harakatlari Uchko‘prik tuman IIB boshlig‘i nomiga yozilgan bildirgi, tushuntirish xatlari, tuzilgan maʼmuriy bayonnoma hamda ishdagi boshqa hujjatlar bilan o‘z tasdig‘ini topgan.
Sud hukmiga ko'ra, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 191-moddasi 1-qismi bilan (Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar buyumlarini, shuningdek o‘yinga tikilgan hamda o‘yindagi yutuq bo‘lgan pullar, ashyolar va boshqa qimmatbaho buyumlarni musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi) Uchko‘prik tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshqaruvchisi D.D., Uchko‘prik tumani Moliya bo‘limi boshqaruvchisi S.R. va yana ikki fuqaroga nisbatan BHMning 3 baravari (990 ming so‘m) jarima jazosi tayinlandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60605 | Инструменты