Qo‘qon shahrida yashovchi, 2004-yilda tug'ilgan fuqaro Shikorbegi mahalla fuqarolar yig‘inidagi xonadonlarning biridan sifat sertifikati va yaroqliligini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 2005 dona ampulada “Midokalm” va 750 dona ampulada “L-Lizin Essinat” nomli dori vositalarini hamda qadoqlash uchun kerak bo‘ladigan qog‘oz quti va yo‘riqnomalarni o‘zining “Lasetti” rusumli avtomashinasiga yuklagan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
So‘ngra, ushbu xonadon ko‘zdan kechirilganda, 1177 dona “Aktovegin”, 165 dona “Tavegil”, 30 dona “L-Lizin Essinat”, 2700 dona ampulada nomsiz dori vositalari, shuningdek, dori vositalarining maxsus qog‘oz qutilari, ulardan foydalanish bo‘yicha yo‘riqnomalar, qalbaki usulda tayyorlangan yorliqlar va dori nomlariga o‘zgartirish kiritadigan rangli bo‘yoqlar solingan plastik idishlar saqlab kelinayotganligi maʼlum bo‘ldi.
Aniqlanishicha, mazkur fuqaro o‘zining jinoiy sherigi bo‘lgan – 1980-yilda tug'ilgan shaxsga tegishli ushbu xonadonda qo‘lbola usulda dori vositalarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yashirin sex tashkil etgan.
Ekspertiza xulosalariga ko‘ra, ashyoviy dalil sifatida olingan dori vositalari qalbakilashtirilgan va saqlash sharoitiga amal qilinmagan bo‘lib, ularni O‘zbekiston Respublikasi hududida sotish hamda tibbiyot amaliyotida qo‘llash taqiqlanadi. Mazkur qalbaki dori vositalarining umumiy qiymati 78 mln. so‘mni tashkil etadi.
Taʼkidlash lozimki, 2004-yilda tug'ilgan shaxs muqaddam qalbakilashtirilgan dori vositalarini o‘tkazish maqsadida tayyorlash va saqlash hatti-harakatlarini sodir qilganligi uchun unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186 prim 3-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi hozirda sudda ko‘rilayotgan bo‘lishiga qaramasdan, takroran jinoyat sodir etgan.
Hozirda ikkala fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186 prim 3-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qo‘qon shahrida kuzatilgan yana bir holatda, 1983-yilda tug'ilgan fuqaro sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan 800 dona “Dyufaston” nomli dori vositalarini 800 ming so‘mga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Shuningdek, uning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, “Elevit”, “Ursosan”, “Dyufaston”, “Yodomarin” va “Dyuspatalin” nomli jami 405.010 dona, umumiy qiymati taxminan 1 mlrd 800 mln. so‘mdan ortiq sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan dori vositalari, 5000 dona yo‘riqnoma va 1200 dona qadoqlash qutisi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Tezkor tadbir davom davom ettirilib, uning jinoiy aloqasi bo‘lgan, 1983 y.t. muqaddam sudlangan shaxsning xonadoni ko‘zdan kechirilganda, “Midokalm” dori vositasining 900 dona yorliqlari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Shuningdek, u “Diprosan” va “Tavegil” dori vositalari uchun 2000 donadan etiketka va foydalanish yo‘riqnomasini chop etish bo‘yicha buyurtma berganligi ham maʼlum bo‘ldi.
Hozirda holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20615 | Инструменты