Ijtimoiy tarmoqlarda juda ko’p katta daraxtlar ko’chalarda kesilib tashlangani aks etgan video tarqaldi. Bu Farg’ona viloyatida sodir bo’lgani aniqlanib, ekologiya boshqarmasi holatga izoh berdi.
Ma’lum bo’lishicha, joriy yilning 4-iyul kuni Farg‘ona viloyat Ekologiya boshqarmasi boshlig‘ining tezkor topshirig‘iga ko‘ra, bir guruh mas’ul xodimlar O‘zbekiston tumani "Qirqketmon" mahallasiga yetib borgan.
So’ng voqea joyida Elektr tarmoqlari xodimlari shamol esishi natijasida elektr simiga tegayotgan manzarali va mevali daraxtlarni hech qanday ruxsatnomasiz o‘zboshimchalik bilan kesilayotgan joyida to‘xtatilib, qolgan daraxtlar saqlab qolingan.
Mazkur holat natijasida, noqonuniy ravishda 48 tup ko‘p yillik sosna, 9 tup shumtol va 30 tupdan ortiq mevali daraxtlarni ostidan kesib tashlashgani aniqlandi. Buning natijasida yetkazilgan zarar 43 mln 410 ming so’mga yetgan.
Prezidentning 2021-yil 30-dekabrdagi 46-sonli farmonini 2-a-bandiga asosan, daraxt va butalarni noqonuniy kesish va shikastlantirish bilan o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari ikki baravarga oshirilgan holda qo‘llanilib, 43,4 mln so‘mlik zarar qayta xisoblanganda 856,5 mln so‘mni tashkil qilgan.
Hozirda tegishli xujjatlar rasmiylashtirilib, prokuratura organlariga taqdim etilgani aytilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11920 | Инструменты