Shavkat Mirziyoyev 5 sentyabr kuni islohotlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishda rahbarlarning tashabbuskorligi, masʼuliyati va vakolatlarini yana-da oshirish zarurligini taʼkidladi.
O‘zbekiston adliya vaziri Akbar Toshqulov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida bugungi kunda Vazirlar Mahkamasida ko‘plab meʼyoriy hujjatlar qabul qilinayotgani, ularni ishlab chiqish va ijro etishda vazirlik va idoralarning roli pastligini bildirdi.
«Demak, [ularning] masʼuliyati ham past bo‘ladi», — dedi Toshqulov.
Prezident farmoniga ko‘ra, o‘z sohasida davlat siyosatini amalga oshiruvchi vazirlik va idoralarga idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqi beriladi.
«Vazirlik va idoralarning masʼuliyati o‘zining biriktirilgan sohasi bo‘yicha oshirilyapti. Yaʼni ularga hukumat qarori, prezident qarorini kutmasdan turib, o‘zining sohasi uchun qaror qabul qilish vakolati berilyapti. Bu hukumatning 30 foiz ishini yengillashtiradi», — dedi vazir.
Toshqulovning so‘zlariga ko‘ra, vakolatlar taqsimlanadigan aniq yo‘nalishlar belgilanib bo‘lingan. «Vazirlar qaysi sohada qarorni o‘zlari qabul qiladi, qaysi sohada hukumat qabul qiladi, qaysi sohada qonunlar bilan qabul qiladi. Bu, o‘z navbatida, o‘sha vazirlarning o‘z yo‘nalishi bo‘yicha siyosatni rivojlantirishga xizmat qiladi», — deya xulosa qildi Adliya vazirligi rahbari.
Bunday hujjatlarni qabul qilish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartib-taomillarini soddalashtirish, muddatlarini esa ikki baravar qisqartirish rejalashtirilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 90619 | Инструменты