Fevral oyining boshi nisbatan sovuq bo‘ladi: 2024-yilning fevral oyi bo‘yicha ob-havo prognozlari eʼlon qilindi

Qish faslining so‘nggi oyi - fevral kirib kelmoqda. Iqlim maʼlumotlariga ko‘ra, fevral oyi yanvar oyiga nisbatan 2-2,5o ga, tog‘larda 1-1,5o ga iliqroq bo‘ladi. O‘zbekiston hududining katta qismida o‘rtacha oylik havo harorati 1-4o iliqni, janubda 5-8oiliqni, shimolda 0-3o sovuqni tashkil etadi.

Ammo qish fasli oylarining ob-havosi bir xil bo‘lmaydi, O‘zbekistonda fevral juda turlicha bo‘lishi mumkin.

Fevral oyida ko‘pincha bahoriy iliq ob-havo davrlari kuzatiladi, bunda tabiat uyg‘onadi, bodom, o‘rik, olxo‘ri, olchaning erta navlari gullay boshlaydi. Ko‘pincha, havoni qisqa vaqtga bunday tez isishidan so‘ng, qishki sovuqlar qaytadi.

Umuman olganda, ushbu asrda, 2004, 2016 va 2021-yillarning fevral oylari eng issiq bo‘lib, bunda o‘rtacha oylik harorat iqlimiy meʼyordan 3-6o ga ko‘p bo‘ldi. Ayrim davrlarda havo harorati 22-27o iliqqacha, janubda 28-30o iliqqacha ko‘tarildi. 

Respublika hududining katta qismida 2016-yil fevral oyida O‘zbekistonda meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun eng yuqori maksimal harorat bo‘ldi.

2021-yil fevral oyida bunday iliq ob-havo birinchi va ikkinchi o‘n yilliklarda saqlanib turdi, oyning oxirgi haftasida esa harorat 10-15o sovuqqacha pasaydi.

2008, 2012 va 2014-yillarning fevral oylari eng sovuq bo‘lib, bunda o‘rtacha oylik harorat meʼyordan 4-8o ga past bo‘ldi. Minimal havo harorati 12-17o sovuqqacha, shimolda 24-29o sovuqqacha pasaydi. O‘zbekiston hududining katta qismida bu sovuqlar tarixiy kuzatuv qatorlari uchun eng past ko‘rsatkichlar bilan taqqoslanganda nisbatan kuchsiz bo‘ldi, bunday kuchli sovuqlar so‘nggi yillarda fevral oyida kuzatilmadi.

Faqat Surxondaryo viloyatida 2014-yil fevral oyida minimal havo harorati 20-22o sovuqqacha pasaydi, bu esa barcha kuzatuv yillari uchun minimal harorat rekordini yangiladi.

Iqlimiy maʼlumotlarga ko‘ra, respublika hududining katta qismida butun kuz-qish davri davomida fevral oyi yog‘ingarchilik eng ko‘p bo‘ladigan oy deb hisoblanadi.

Biroq, yog‘ingarchilik miqdori bo‘yicha, hamda, harorat tartibi bo‘yicha fevral oyi juda turlicha bo‘lishi mumkin.

Ushbu asrda 2016-yil fevral oyi eng quruq (anomal quruq) bo‘ldi. Barcha hududlar bo‘yicha yog‘ingarchilik oylik meʼyordan 20% ga kam bo‘ldi. Hududning katta qismida 2010-yil fevral oyida yog‘ingarchilik eng ko‘p bo‘lib, bunda oylik yog‘ingarchilik miqdori meʼyorga nisbatan 200% dan 300% gacha bo‘ldi.

Tekislik hududlarida fevral oyida yog‘ingarchilik asosan aralash (yomg‘ir, qor) ko‘rinishda bo‘ladi, ammo qor qoplami kamroq shakllanadi. Qor qoplami bilan kuzatilgan eng uzun davr 2008-yil fevral oyida kuzatildi. Qor qoplami kuzatilgan kunlar soni 20-25 kunni, janubiy hududlarda 8-15 kunni tashkil etgan.

Joriy yilning fevral oyida O‘zbekiston aholisini qanday ob-havo kutmoqda?

Umuman olganda, fevral oyi odatdagidan biroz iliqroq bo‘ladi. O‘rtacha oylik havo harorati meʼyor atrofida bo‘lishi kutilmoqda, baʼzi joylarda meʼyordan 1-1,5oga yuqori bo‘lib, 2-4o iliqni, shimolda 2o sovuq-1o iliqni, janubda 6-8o iliqni tashkil etadi.

Fevral oyining boshi nisbatan sovuq bo‘ladi. Birinchi besh kunlikda havo harorati asosan kechalari 0-5o sovuq, kunduz kunlari 2-7° iliq, baʼzi joylarda 0-2°sovuqqacha bo‘ladi.

Yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik 1 fevral va 4 fevral kunlari respublikaning markaziy va sharqiy viloyatlarida, 3 fevralda janubiy viloyatlarida bo‘lib o‘tadi.

Ikkinchi besh kunlikda harorat kechalari 0-5o iliqqacha, kunduz kunlari 8 13o iliqqacha ko‘tariladi. 7-8 fevral kunlari asosan yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin.

Keyinchalik, oyning oxirigacha, harorat kechasi 2-7o iliqdan 2-7o sovuqqacha, kunduz kunlari 13-18o iliqdan 2-7o iliqqacha, shimolda kechalari 0-5o iliqdan 7-12o sovuqqacha, kunduz kunlari 11-16o iliqdan 0-5o iliqqacha o‘zgarib turadi. 

Fevral oyida yog‘ingarchilik miqdori meʼyordan kam, baʼzi joylarda meʼyor atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Izohlar: 4
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72714 | Инструменты