Huawei 1
Fransiyaning “Sanofi-Aventis” kompaniyasi O'zbekistonga insulin analogi va vaksinalar yetkazib beradi

O‘zbekiston Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinborsari U.Egamov ishtirokida Fransiyaning “Sanofi-Aventis” kompaniyasi bilan o‘zaro Hamkorlik Bayonnomasi imzolandi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar qildi.

 Shuningdek, insulin analogi va vaksinalarni yetkazib berish, endokrinologlarning qandli diabetni boshqarish sohasidagi bilimlarini oshirish, shartnomaviy o‘zaro munosabatlarni soddalashtirish, kompaniyaning dori vositalarini ikkilamchi o‘ramda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish choralari belgilangan uzoq muddatli shartnomalar tuzildi.

Ta’kidlanishicha, “Sanofi-Aventis” dunyoning yetakchi farmatsevtik kompaniyalaridan biri bo‘lib, 12 ta davlatda ishlab chiqarish quvvatlariga ega. Kompaniya tomonidan uzoq muddat ta’sir etuvchi insulin analogi “Lantus®” va qisqa muddat ta’sir etuvchi insulin analogi “Apidra” singari strategik zarur dori vositalari ishlab chiqarilmoqda. Ushbu kompaniyadan 2022-yilda mamlakatimizga qiymati 1,7 mln. dollarlik shartnoma doirasida 315 ming shpris-ruchkalar xarid qilingan.

Bundan tashqari, Egamov ishtirokida Fransiyaning “Laboratoire Innotech International” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda xorijlik hamkorlarga O‘zbekistondagi investitsion muhit haqida batafsil ma’lumot berildi. Muzokaralar so‘ngida kompaniya mas’ullari tomonidan Markaziy Osiyoda yangi turdagi dori vositalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga qiziqish bildirildi. Ushbu masala yuzasidan xorijiy hamkorlarning kelgusi yilning yanvar oyida O‘zbekistonga tashrif buyurishi to‘g‘risida kelishib olindi.Ma'lumot uchun, “Laboratoire Innotech International” Fransiyaning yetakchi farmatsevtik kompaniyalaridan biri bo‘lib, uning tomonidan ishlab chiqarilgan 16 nomdagi dori vositalari O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan. 2020-2022-yillarda ushbu kompaniyaning 2 million o‘ram, qiymati 6,2 million dollarlik dori vositalari mamlakatimizga olib kirilgan.

Uchrashuv yakunida “Les Laboratoires Servier” va “Substipharm” kompaniyalari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazilib, o‘zaro hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100508 | Инструменты