Toshkentda YPXdan qochib, o‘nlab mashinalarni urib ketgan Gentra haydovchisi ushlangani xabar qilingandi. Poytaxt IIBB avtomobilni boshqargan ayol haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmaganini ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan voqea 19-aprel kuni tonggi soat 7:30 larda sodir bo‘lgandi. Chilonzor tumanidagi chorrahada xizmat olib borayotgan YPX inspektori YTH sodir etib, voqea joyidan yashirinishga uringan Gentra’ga to‘xtash ishorasini bergan.
U to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmay, 2 ta Damas’ga texnik shikast yetkazgan holda qochishga uringan. O‘zi bilan bir yo‘nalishda harakatlanib ketayotgan yana bir nechta avtomashinaga ham shikast yetkazgan.
Ko‘rilgan choralar natijasida mashina to‘xtatilib, haydovchi va yo‘lovchilar tekshirilganda noma’lum moddalar borligi aniqlangan. Ayol mashinani narkotik modda ta’sirida boshqargan.
O‘zini Gentra egasiman, deb tanishtirgan yigitning so‘zlariga ko‘ra, avtomobil uning otasining nomida bo‘lgan. Ayol avtomobilni haydab ko‘rishni so‘raganida yigit unga rul boshqaruvini bergan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlariga kirishilgan. Gumon qilinuvchi shaxslar protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararni aniqlash bo‘yicha tegishli ekspertizalar tayinlangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42305 | Инструменты