17 sentyabr kuni “Ishonch” jamg‘armasi «Maktablarda iqlim o‘zgarishiga chidamlilik hamda suv taʼminoti, sanitariya va gigiyenani (SSG) modellashtirish» loyihasiga 20 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratishni eʼlon qildi. Loyiha rasman 2025-yil 1 oktyabrda o‘z ishini boshlaydi.
Qayd etilishicha, loyihada O‘zbekiston bo‘yicha kamida 45 ta qishloq maktabini taʼmirlash, maktablarda energiya sarfini 30 foizga va dimlangan gazlar chiqindilarini 50 foizga kamaytirish uchun xavfsiz suv, zamonaviy sanitariya, ishonchli isitish tizimlari va ekologik toza energiya bilan taʼminlash ko‘zda tutilgan.
Loyiha 31 500 nafar bola, ayniqsa, o‘smir qizlar uchun kundalik taʼlim sharoitlarini bevosita yaxshilaydi. Ular gender jihatlarni hisobga olgan holda alohida qulayliklardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar, bu esa darslarni qoldirish holatlarini kamaytiradi.
Loyiha yakunlangandan so‘ng uning natijalari barqarorligini taʼminlash maqsadida, 2700 nafar maktab o‘qituvchilari va xodimlari iqlim o‘zgarishiga chidamlilik, SSG‘ga gender jihatlar hisobga olingan yondashuv va jarayonlarga jamoatchilikni jalb qilish bo‘yicha o‘qitiladi.
«Shveysariya ushbu restitutsiya mablag‘lari O‘zbekiston xalqiga bevosita foyda keltiradigan, korrupsiyadam xoli, sezilarli investitsiyalarga aylantirilayotganidan faxrlanadi. Ushbu loyiha orqali biz 31 500 bolaga yana-da sog‘lom, xavfsiz va munosib muhitda taʼlim olish imkoniyatini yaratmoqdamiz — bu rivojlanishga xizmat qiluvchi restitutsiyaning haqiqiy timsolidir», — dedi Shveysariya elchisi Konstantin Obolenskiy.
Jamg‘armaning qayd etishicha, «Eng yaxshi maktabim» raqamli portali mahalliy hamjamiyatlar va keng jamoatchilikka byudjet, pudratchilar, qurilish muddatlari va ishlarning borishini real vaqt rejimida kuzatib borish imkonini beradi.
Shuningdek, loyiha doirasida fuqarolik jamiyati ishtirokida xaridlar va taʼmirlash jarayonlarida adolatli, korrupsiyadan xoli, ota-onalar, o‘qituvchilar hamda mahalliy jamoalar oldida hisobdorlikni taʼminlovchi Halollik pakti sinovdan o‘tkaziladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 92420 | Инструменты