Senatning qirq beshinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida qonuniylikni taʼminlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilanganligi munosabati bilan “Prokuratura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda zamonaviy qurollangan va qudratli armiyani shakllantirish, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimining harbiy xizmatchilari va xodimlarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga harbiy sohadagi davlat dasturlarining amalga oshirilishini o‘z vaqtida va samarali tashkil etish, harbiy xizmatchilarning huquq va erkinliklarini himoya qilish tizimidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarning, shu jumladan Davlat budjeti mablag‘laridan maqsadsiz foydalanish hollarining barvaqt oldini olish, shuningdek qonunlarning ijro etilishi ustidan nazoratni yana-da kuchaytirish talab etmoqda.
Shu boisdan mazkur Qonun bilan “Prokuratura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga Qurolli Kuchlar tizimida qonunchilik hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishi ustidan harbiy prokuratura organlarining nazorati kuchaytirilishini, shuningdek harbiy prokuratura organlariga xodimlarni harbiy xizmatga qabul qilish va undan bo‘shatish tartibi hamda ularga harbiy unvonlar berish tartibi belgilanishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Bosh prokuror, Harbiy prokuror, Transport prokurori Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlari, shuningdek tumanlar, shaharlar prokurorlari lavozimiga yigirma besh yoshdan kichik bo‘lmagan shaxslar tayinlanishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, Harbiy prokuror, Transport prokurori, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlari tegishincha tumanlar, shaharlar prokuratoralarining va ularga tenglashtirilgan prokuraturalarning faoliyatiga rahbarlik qilishi, qonunlarga, Bosh prokuror buyruqlariga asosan va ularni ijro etish maqsadida o‘ziga bo‘ysunuvchi xodimlar uchun majburiy bo‘lgan buyruqlar, ko‘rsatmalar, farmoyishlar chiqarish vakolatlari qonuniy jihatdan belgilab qo‘yilmoqda.
Senatorlarning fikricha, ushbu Qonun qabul qilinishi prokuratura organlarining masʼuliyatini yana-da oshirish bilan birga, ish samaradorligini ham yaxshilash, qonunchilik bilan yuklatilgan vazifalarning to‘laqonli bajarilishi, natijada fuqarolarning huquq va manfaatlari taʼminlanishiga xizmat qiladi.
Majlisda savol-javob va muhokamadan so‘ng ushbu Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20710 | Инструменты