Huawei 1
Tramp Netanyahuga qarshi order tufayli XJSga sanksiyalar kiritdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni hibsga olishga order bergani uchun javob tariqasida Haagadagi Xalqaro jinoiy sud (XJS)ga qarshi sanksiyalar joriy etish haqidagi farmonni imzoladi.

Tramp 6 fevral, payshanba kuni imzolagan farmonga ko‘ra, AQSh fuqarolari va ittifoqchilari, shuningdek, ularning oila a’zolariga nisbatan sud tergovlarini qo‘llab-quvvatlovchi XJS rasmiylari AQSh moliyaviy va viza cheklovlariga duchor bo‘ladi.

Hujjatda aytilishicha, XJS Qo‘shma Shtatlar va Isroilga qarshi «noqonuniy va asossiz harakatlar qilgan» va «qonuniy asoslarsiz yurisdiksiyasi haqida ma’lum qilib, AQSh va uning ba’zi ittifoqchilari, jumladan Isroil fuqarolariga qarshi dastlabki tergov boshlagan». Shundan so‘ng, Trampning so‘zlariga ko‘ra, sud «Isroil bosh vaziri Binyamin Netanhu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga asossiz orderlar» berib, «o‘z vakolatlarini yanada suiiste’mol qilgan».

Bundan tashqari, AQSh prezidentining ta’kidlashicha, na Vashington, na Isroil XJS yurisdiksiyasiga kirmaydi. Uning fikricha, Haagadagi sudning harakatlari Qo‘shma Shtatlar suverenitetiga tajovuz qiladi va mamlakatning milliy xavfsizlik va tashqi siyosat sohasidagi ishiga tahdid soladi.

AQSh Vakillar palatasi XJSga qarshi sanksiyalarni ma’qulladi

2024 yil iyun oyida AQSh Kongressining Vakillar palatasi Respublikachilar partiyasi ishlab chiqqan XJSga nisbatan sanksiyalar qo‘llash to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi.

Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson shundan so‘ng ushbu hujjat sudning Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olish uchun order berish haqidagi so‘roviga javob ekanligini ta’kidladi. 

«Qo‘shma Shtatlar Isroil tomonida qat’iy va xalqaro byurokratlarga Isroil rahbarlarini sodir etmagan jinoyatlari uchun sababsiz hibsga olish uchun order berishiga yo‘l qo‘ymaydi», — dedi siyosatchi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 20713 | Инструменты