Huawei 1
Hindistonda "Buyuk mo'g'ul imperatori Bobur" nomli film suratga olinayotgani haqidagi xabarlar haqiqatdan yiroqligi maʼlum qilindi

Ijtimoiy tarmoqlarda hindlar bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur haqida film olayotgani va nomi “Buyuk mo‘g‘ul imperatori Bobur” ekani aytilayotgan xabarlar tarqaldi. Hatto film tizerlari ham tarmoqlarga yoyila boshladi.

Ushbu xabarlar yuzasidan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov munosabat bildirdi.

"Buyuk bobokalonimiz bilan bog‘liq tarix haqida dunyo ahlini chalg‘itish kabi bu holat mamlakatimiz jamoatchiligini, ziyolilarni tashvishga solib, keskin munosabatlarga sabab bo‘ldi.

Shu qatori meni ham bu holat qattiq tashvishga soldi va tegishli davlat tashkilotlari, elchixonalar bilan vaziyat yuzasidan maʼlumot olish uchun bog‘landim.

Aytish lozimki, film haqidagi xabarlar haqiqatdan yiroq va bunga oydinlik ham kiritilmoqda. Albatta, bu masalaga yana aniqlik kiritib, qo‘shimcha xabar beriladi.

Kinematografiya milliy agentligi bilan ham suhbatlashdik. Xabaringiz bor, O‘zbekistonda eng qadimgi o‘tmishdan to yaqin tarixgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olgan "Tirik tarix" loyihasi doirasida sarkardalarimiz, allomalar hakida turkum filmlar yaratilmoqda. Bu loyiha ham tez orada o‘z samarasini berib, milliy o‘zligimiz bilan bog‘liq tariximiz ekranlarda gavdalanadi.

Lekin shu o‘rinda meni xursand qilgani, milliy g‘urur, vatanparvarlik shunchaki kitoblaru, quruq so‘zlarda emas, xalqimiz ongu shuurida yashamoqda, keng jamoatchilik esa bu kabi holatlarga aslo befarq emas.

Bu esa aynan Prezidentimiz aytgan, tahlikali vaziyatlarda millat fidoyilari – uyg‘oq qalbli ziyolilar jasorat bilan maydonga chiqqayotganliklarining bir ko‘rinishidir.

O‘z navbatida, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi keng jamoatchilikka, ziyolilarga befarq bo‘lmagani, ajdodlarimiz bilan bog‘liq tariximizni targ‘ib qilish haqidagi fikrlari uchun minnatdorchilik bildiradi.

Biz millat masʼuliyati yo‘lida hamfikr bo‘lsak, birlashsak, bu kabi qadriyatimiz, tariximiz, o‘zligimizga qaratilgan tahdidlarga qarshi tura olamiz", - deyiladi xabarda. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 90806 | Инструменты