Huawei 1
“Hissiyotli gapirishga to‘g‘ri kelgan” – Buxoro viloyati hokimining gapiga munosabat bildirildi

Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Buxoro shahridagi bog‘cha hududida mas’ullarga qandaydir binoni buzib tashlashni buyurgani videosi tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Viloyat hokimligi matbuot xizmati Botir Zaripovning bu topshirig‘i yuzasidan tushuntirish berdi.

“Sud-pud demasdan, bugunning o‘zida buzib tashlaysan. Narsasi, ichidagi odami bilan ko‘mib tashlaysan. Bo‘ldi endi, sud-pud deb, hammasini erkalatganimiz. Orqadan eshik ochganning hujjatini ko‘rasan”,  degan edi hokim tarqalgan videoda.

Buxoro viloyati hokimligi xabarida ma’lum qilishicha, video 22-may kuni Botir Zaripov boshchiligidagi ishchi guruh Buxoro shahridagi 2-sonli davlat maktabgacha taʼlim muassasasida amalga oshirilayotgan qurilish-taʼmirlash ishlarining borishini ko‘zdan kechirgan paytda olingan.

140 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur muassasa 1961-yilda qurilgan va hozirda taʼmirtalab holga kelib qolgan. O‘tkazilgan xatlovga asosan  mahalliy byudjet hisobidan zarur mablag‘lar ajratilib, bog‘chada kapital taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.

“O‘rganish chog‘ida viloyat hokimi qurilish ishlarini jadallashtirish va qisqa muddatda yakunlash yuzasidan shahar hokimligi va soha masʼullariga topshiriqlar berdi. Shuningdek, o‘rganish jarayonida Botir Zaripov davlat bog‘chasi hududi obodonlashtirilmagani, bog‘chaga tutash bo‘lgan hududdan o‘zboshimchalik bilan egallangan umumiy ovqatlanish obyekti egasi tomonidan bog‘cha hududida tegishli ruxsatlarsiz, xufyona noqonuniy kirish-chiqish yo‘lagi ochilgani, bundan tashqari, bog‘cha hududining bir qismida yuqori kuchlanishli transformator atrofi temir panjara bilan o‘rab olinmagani yuzasidan eʼtirozlarini bildirdi”, deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, viloyat hokimlari zimmasiga muassasalarning xavfsizligini taʼminlash, shu jumladan, hududlar atrofini o‘rash, ularga huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha inspektorlarni biriktirish, kuzatuv kameralari va yong‘inga qarshi signalizatsiya tizimlarini o‘rnatish choralarini ko‘rish, shuningdek, muassasa hududining va ko‘chmas mulkining butunligini hamda daxlsizligini belgilangan tartibda taʼminlash vazifalari yuklatilgan

“Videolavhada tilga olingan ‘buzib tashla’ jumlasida aynan o‘sha bog‘cha hududida tegishli ruxsatlarsiz, xufyona, noqonuniy kirish-chiqish yo‘lagi bartaraf etilishi nazarda tutilgan. Bunda, viloyat hokimi tomonidan 140 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchilarining xavfsizligi hamda yuz berishi mumkin bo‘lgan turli noxush, noqonuniy holatlarning oldini olish — asosiy maqsad bo‘lgan”, deyiladi hokimlik xabarida.

Ta’kidlanishicha, ijtimoiy tarmoq faollari va foydalanuvchilari aynan shu jumlani “hokim xususiy bog‘chalarni buzib tashlash bo‘yicha topshiriq beryapti” tarzida muhokama qilishmoqda. Bu esa mutlaqo asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Viloyatning boshqa shahar-tumanlaridagi maktabgacha taʼlim muassasalarida bu kabi holatlarni o‘rganish va zudlik bilan bartaraf etish maqsadida Buxoro shahar hokimining tegishli o‘rinbosariga hayfsan intizomiy chorasi qo‘llangan, noqonuniy yo‘lak bartaraf etilgan hamda o‘rganish olib borilgan 2-son davlat maktabgacha taʼlim muassasasidagi jarayon tasvirga olinib, mutasaddilarga yuborilgan va shu tariqa keng tarqalgan.

Hokimlik xabarida qayd etilishicha, viloyatda qonun ustuvorligi taʼminlanadi, birorta noqonuniy buzilish qilinmaydi. Ushbu holatda viloyat hokimi tomonidan topshiriq berish paytida ayrim rahbarlarning masʼuliyatini oshirish uchun hissiyotli gapirishga to‘g‘ri kelgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61409 | Инструменты