Huawei 1
Ichimlik va oqova suv yo‘nalishidagi qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish kiritildi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 19 avgustdagi “Ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan ichimlik va oqova suv yo‘nalishidagi qator qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish kiritildi. AOKAda tashkil etilgan brifingda “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov mazkur qarorning mazmun-mohiyati haqida to‘xtaldi.  

Qayd etilishicha, amaldagi tartibga ko‘ra, suvni hisobga olish asboblarining saqlanishi, butligi va plombalarning buzilmagani yuzasidan javobgarlik  iste’molchiga  yuklangan edi.  Endilikda yangi qurilayotgan ko‘p kvartirali uylarning sovuq suv hisoblagichlari xonadon (kvartira)larning tashqarisida (zinapoyalar, yerto‘lalar va boshqa qismida) o‘rnatilgan  holatlarda, javobgarlik ta’minotchi korxonaga yuklanadi. Shuningdek, I guruh iste’molchilari, avans tariqasida kommunal xizmatlar uchun 2 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘lovlarni avvaldan amalga oshirib qo‘ygan bo‘lsalar, ular shu vaqt mobaynida tariflarning o‘zgarishi tufayli to‘lanadigan qo‘shimcha to‘lovlardan ozod etiladi.  

Ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmati ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish tartibiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, davlat byudjeti va davlat tomonidan jalb qilingan barcha mablag‘lar hisobidan amalga oshirilayotgan ichimlik va  oqova suv  yo‘nalishidagi  loyihalar  “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK tomonidan majburiy ravishda ekspertizadan o‘tkaziladi va yangi quriladigan ichimlik va oqova suv yo‘nalishidagi ob’ektlar va tizimlarni loyihalashtirishda mazkur hududning to‘liq qamrov darajasi inobatga olinadi. Ichimlik suvi  manbalari va ularning zaxirasiga alohida e’tibor qaratiladi.    

Shu bilan birga, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv sohasida investitsiya loyihasi takliflari mahalliy hokimiyat vakillik organlari deputatlari tomonidan hududiy ichimlik suv ta’minoti tashkilotlari bilan birgalikda joylarga chiqqan holda aholi punktlari faollari bilan  kelishilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar hamda Toshkent shahar Kengashlarida muhokama qilishga  kiritiladi. Shuningdek, qarorda xorijiy banklardan olingan kreditlar evaziga amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining bajarilish  muddatlari  uzaytirib  berilgan.  

Davlat rahbarining 2023 yil 31 oktyabrdagi “Ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ichimlik va oqova suv tarifi masalalari batafsil bayon etilgan. Vazirlar Mahkamasining “Ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarorida esa mavjud tarif masalalari  mexanizmi tartibga solingan. Qarorga kiritilgan o‘zgarishlarda  tariflarni (yana) oshirish ko‘zda tutilmagan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91304 | Инструменты