Huawei 1
Bolalar kam invaziv va endoskopik xirurgiya markazida qanday yuqori texnologik operatsiyalar bajarilmoqda?

Avvallari turli tug‘ma nuqsonlar bilan dunyoga kelgan o‘g‘il-qizlarning aksariyatini davolash imkoni bo‘lmagan. Oqibatda ulardan bir qismi bolalik davrida hayotdan ko‘z yumgan bo‘lsa, qolganlari umr bo‘yi nogironlik asoratlaridan aziyat chekib yashagan. 

Endi ana shunday o‘g‘il-qizlar yurtimizda o‘tkazilayotgan yuqori texnologik operatsiyalar yordamida kam invaziv usullarda sog‘lom hayotga qaytmoqda.  

Respublika bolalar kam invaziv va endoskopik xirurgiya ilmiy amaliy markazi direktori Bobir Abdusamatov shu haqda maʼlumot berdi.

— Hozir tanaga tig‘ tekkizmay, kichik kesmalar orqali bajariladigan kam invaziv jarrohlik usullari amaliyotga keng tatbiq etilmoqda, — deydi mutaxassis. — Markazimiz 0-18 yoshli bolalar va o‘smirlarda xuddi shunday yuqori texnologik operatsiyalarni bajarishga ixtisoslashgan.

Bu yerda qorin bo‘shlig‘i va qorin orti aʼzolari, qo‘krak qafasi organlari, siydik chiqarish tizimining tug‘ma va orttirilgan hamda chaqaloqlarning yiringli-septik,  patologiyalari ilg‘or usullarda davolanmoqda. 

Muassasa reanimatsiya va intensiv terapiya, neonatal jarrohlik, umumiy xirurgiya, konsultativ-tashxislash va qabul bo‘limlari, operatsion blok hamda maslahat-diagnostika poliklinikasini o‘z ichiga oladi. Shifo maskani Prezidentimizning 2021 yil 28 iyuldagi tegishli qaroriga asosan, eng ilg‘or tibbiy texnologiyalar bilan taʼminlangan. 

Yiliga o‘rta hisobda 1700 ta operatsiya o‘tkazyapmiz. Shundan yuqori texnologik amaliyotlar ulushi 67 foizga teng. Rossiya, Germaniya, Belarus, Hindiston kabi qator mamlakatlarning yetakchi klinkalari va tibbiyot oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda yangi muolaja usullari yo‘lga qo‘yilmoqda. 

Shu tariqa bolalarda tug‘ma va orttirilgan patologiyalarni davolashda qo‘llanilayotgan laparoskopik va torakoskopik operatsiyalar turlari ko‘paymoqda. O‘z navbatida, go‘daklarda tug‘ma nuqsonlarni erta bosqichda aniqlash va yangi muolaja uslublarini qo‘llash natijasida chaqaloqlar o‘lim ko‘rsatkichi keyingi yillarda ikki barobar kamayishiga erishildi.

Shu o‘rinda qisqacha izoh beray: kam invaziv jarrohlik amaliyotlarining afzalliklari  ko‘p. Avvalo, tanaga tig‘ tegmaydi, operatsiya qisqa davom etadi. Muolajadan keyin bemor bolalar va o‘smirlarning tiklanish jarayoni oson kechadi. Qolaversa, ochiq operatsiyada kuzatilishi mumkin bo‘lgan salbiy asoratlar deyarli kuzatilmaydi.

Joriy yilning o‘tgan davrida bu yerda qator noyob operatsiyalar o‘tkazildi. Tug‘ma anorektal malformatsiyalari va Girshprung kasalligida laparoskopik yo‘l bilan bajarilgan qorin bo‘shlig‘i va oraliq proktoplastikasi, bolalarda tug‘ma jom siydik nayi stenozining mazkur usuldagi korreksiyasi shular jumlasidan.

Qolaversa, hududiy filiallarimizda yangi davolash turlari o‘zlashtirilyapti. Bunda yil boshidan buyon markaz mutaxassislari tomonidan mahalliy shifokorlar ishtirokida 68 ta qo‘shma operatsiyalar o‘tkazilgani mahorat darslari vazifasini o‘tadi. 

Hozir muassasamizda malakali xirurg mutaxassislar tayyorlash maqsadida simulyatsion markaz faoliyatini to‘la yo‘lga qo‘yish harakatidamiz. Bu rejamiz amalga oshgach, hududiy filiallarimiz shifokorlari shu yerda bilim va malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91802 | Инструменты