O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi internet orqali terrorchilik hurujlari haqida chaqiriqlar tarqalayotganini ma’lum qilib, bu borada aholiga murojaat bilan chiqdi.
“Hurmatli fuqarolar. Oxirgi vaqtlarda dunyoning turli mamlakatlarida sodir etilgan terrorchilik harakatlaridan so‘ng, respublikamiz hamda qo‘shni davlatlar fuqarolariga internet ijtimoiy tarmoqlari orqali pul mukofoti evaziga savdo va ko‘ngilochar markazlar, maktablar va boshqa jamoat joylarini minalashtirish taklif qilingan xabarlar kelib tushmoqda.
Bu kabi provokatsion xabarlar asosan Telegram messenjeri orqali yuborilib, unda noma’lum shaxslar turli miqdorda pul to‘lash, qurol-yarog‘ bilan ta’minlash va harakatlar rejasini yuborishga va’da berib, ushbu harakatlarga rad javobini e’tiborga olmaydilar.
Eng xavfli jihati shuki, yovuz niyatli shaxslarning xabarlari ko‘p hollarda bolalarga yuborilmoqda. Shuningdek, bolalarning shaxsiy ma’lumotlari orqali ularni qo‘rqitish holatlari kuzatilmoqda. Provokatorlar o‘zlarining fotosuratlari va raqamlarini yashirgan holda faoliyat yuritadilar.
Hurmatli fuqarolar! Agarda Sizga bu kabi xabarlar kelib tushsa, vahimaga tushmang va ularni ochiq chatlar, tanishlaringiz va do‘stlaringizga yubormay, darhol “102” raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, ichki ishlar organlariga xabar bering. Xabar yuboruvchilarni bloklang va ular bilan yozishma va suhbatga kirishmang.
Yodingizda tuting, firibgarlar jamoatchilik orasida vahima uyg‘otish uchun bu kabi xatti-harakatlarni amalga oshirmoqda! Respublika huquq-tartibot organlari esa xavfsizlikka bo‘lgan har qanday tahdidlarni bartaraf qilish borasida o‘z vakolatlari doirasida barcha choralarni ko‘rmoqda”, – deyiladi vazirlik murojaatida.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122407 | Инструменты