Rossiya Ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev mamlakat uchun foydasi yo‘q bo‘lgan migrantlarni chiqarib yuborishni taklif qildi. Bu haqda vazir o‘zining Telegram-kanalida e’lon qilgan videomurojaatida so‘z ochgan.
Uning aytishicha, ish joyidan ayrilgan, oliy o‘quv yurtlaridan chetlatilgan, barmoq izlarini topshirmagan, rus tilini o‘rganmagan va jamiyatga foyda keltirmayotgan migrantlar mamlakatni tark etishi lozim.
Kolokolsev ko‘chalar va turarjoy hududlarida noqonuniy migrantlar bo‘lmasligi kerakligini aytgan. Shuningdek, u migrantlar orasida jinoyatchilikka qarshi tizimli choralar ko‘rishga chaqirgan.
Vazir migratsiya bo‘limlaridagi navbatlarni bartaraf etish zarurligini ham qayd etgan va hujjatlarni o‘z vaqtida, shovqinsiz va tartibli ravishda qabul qilishni taklif qilgan.
Rossiyada migratsiya siyosatini keskinlashtirishning yangi bosqichi 2024 yilning bahorida boshlangan. Shu yil boshidan boshlab, Ichki ishlar vazirligi nazorati ostidagi shaxslar reyestri ishga tushirilgan bo‘lib, bu bazaga mamlakat hududida noqonuniy bo‘lgan xorijiy fuqarolar kiritiladi. Aprel oyidan boshlab migrant bolalarini maktabga qabul qilishdan avval rus tilini bilish bo‘yicha testdan o‘tkazish tartibi joriy etilgan. Shuningdek, xorijliklarga nisbatan maxsus deportatsiya rejimi, kirishda qoidabuzarliklar uchun jarimalar, noqonuniy migrantlarga xizmat ko‘rsatganlik uchun javobgarlik va istalmagan shaxs maqomi kabi chora-tadbirlar joriy etilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61321 | Инструменты