O‘zbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan «Ilmiy va innovatsion faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va ularni qo‘llab-quvvatlashning tubdan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi prezident farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilindi.
Farmon loyihasi bilan 2025 yil 1 yanvaridan boshlab ilmiy tashkilotlarni moliyalashtirish bo‘yicha yangi tartib joriy etiladi. Unga ko‘ra:
O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti hisobidan ilm-fan xarajatlari uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida saqlanayotgan va bazaviy moliyalashtirishga o‘tkazilgan ilmiy tashkilotlarning (keyingi o‘rinlarda — byudjet ilmiy tashkilotlari) ilmiy faoliyatini muvofiqlashtirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
byudjet ilmiy tashkilotlari tomonidan hisobot yilidan keyingi yil uchun ishlab chiqiladigan ilmiy-tadqiqot dasturlari ilmiy ishlanmalarning isteʼmolchisi bo‘lgan tashkilotlar talablaridan kelib chiqqan holda yuqori turuvchi vazirlik va idoralar orqali Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi (keyingi o‘rinlarda — agentlik)ga ekspertizadan o‘tkazish uchun kiritiladi;
agentlik ilmiy-tadqiqot dasturlariga kiritilishi taklif etilgan mavzularning ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarga muvofiqligi, ilmiy ishlanmalarning isteʼmolchisi bo‘lgan tashkilotlar talablari o‘rganilganligi, avval bajarilgan ilmiy-tadqiqotlarni takrorlamasligi va byudjet ilmiy tashkilotning faoliyat yo‘nalishiga mosligi yuzasidan ekspertizadan o‘tkazadi;
belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazilgan ilmiy-tadqiqot dasturlari agentlik tomonidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (keyingi o‘rinlarda — Vazirlik)ga kelishish uchun kiritiladi va kelishilgan ilmiy-tadqiqot dasturlari byudjet ilmiy tashkilotlarning yuqori turuvchi tashkiloti tomonidan tasdiqlanadi;
bazaviy moliyalashtirishga o‘tkazilgan ilmiy tashkilotlarning tasdiqlangan ilmiy-tadqikot dasturlari ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarga ajratilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirib boriladi;
byudjet ilmiy tashkilotlari bo‘lgan vazirlik va idoralar har yili 1 noyabrga qadar agentlikka keyingi yillarda amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot dasturlari loyihasini ko‘rib chiqish uchun kiritadi;
belgilangan tartibda ko‘rib chiqilgan ilmiy-tadqiqot dasturlari vazirlik tomonidan kelishiladi va byudjet ilmiy tashkilotining yuqori turuvchi tashkiloti tomonidan tasdiqlanadi.
Vazirlikning Ilmiy va innovatsion faoliyat yurituvchi yuridik shaxslarning reyestri (keyingi o‘rinlarda — Reyestr)ni joriy etish yuzasidan taklifiga rozilik beriladi.
Loyihada belgilanishicha:
reyestr elektron shaklda yuritiladi va reyestrga kiritilgan tashkilot o‘zining faoliyat turiga ko‘ra Agentlikning tegishli axborot tizimlaridan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi;
reyestrga kiritilgan tashkilotdagi xodimlar ilmiy-innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslarni shaxsiy identifikatsiya raqami (keyingi o‘rinlarda — shaxsiy identifikatsiya raqami)ga ega bo‘ladilar va Agentlikning axborot tizimlaridan o‘zlarining shaxsiy kabinetlari orqali belgilangan tartibda foydalanadilar;
agentlik Reyestrga kiritilgan tashkilotdagi xodimlarni shaxsiy identifikatsiya raqami bilan taʼminlash choralarini ko‘radi;
reyestrga kiritilgan tashkilotlarning ilmiy va innovatsion faoliyatiga doir maʼlumotlari Agentlikning axborot tizimlari, «Raqamli hukumat» tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi va boshqa davlat axborot tizimlar bilan integratsiya orqali yagona elektron bazada to‘planadi;
O‘zbekistonda ilmiy va innovatsion faoliyatning asosiy ko‘rsatkichlari Reyestrga kiritilgan tashkilotlar bo‘yicha jamlanadi.
Shuningdek, vazirlikning ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida doktorlik dissertatsiyasini bajarishga qaratilgan amaliy tadqiqot loyihalaridan (keyingi o‘rinlarda — dissertatsion tadqiqot loyihasi) iborat Yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini shakllantirish va amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi ko‘zda tutilgan.
Yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini shakllantirish va bajarilishida quyidagilar belgilanadi:
Yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari har yili agentlik tomonidan o‘tkaziladigan bajarilishi uch yilga mo‘ljallangan dissertatsion tadqiqot loyihalari tanlovi natijalariga ko‘ra Vazirlik tomonidan tasdiqlanadi;
dissertatsion tadqiqot loyihasiga rahbarlik qiluvchi (keyingi o‘rinlarda — loyiha raxbari) bir vaqtning o‘zida loyihaga muvofiq bajarilayotgan falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun doktorlik dissertatsiyasini tayyorlaydigan izlanuvchining (keyingi o‘rinlarda — izlanuvchi) ilmiy rahbari hisoblanadi;
dissertatsion tadqiqot loyihasida faqat bir nafar izlanuvchi loyiha ijrochisi sifatida kiritiladi va loyiha bajarilayotgan tashkilot uning asosiy ish joyi etib belgilanadi;
loyiha ijrochisi loyiha rahbari tomonidan mustaqil o‘tkaziladigan tanlov natijalariga ko‘ra aniqlanadi va doktorlik dissertatsiyasini tuziladigan tegishli shartnomaga muvofiq loyiha bajarilayotgan tashkilotda mustaqil izlanuvchi sifatida amalga oshiradi;
amaliy tadqiqot loyihasi uchun ajratiladigan mablag‘lar doirasida doktorlik dissertatsiyasini tayyorlash nazarda tutiladi.
Yosh olimlarni xorijiy ilmiy stajirovkaga yuborishni tashkil qilishda quyidagilar belgilanadi:
2025 yildan boshlab Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish bo‘yicha tanlovlarni tashkil etish, o‘tkazish, saralash va moliyalashtirish Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan amalga oshiriladi;
Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan xorijiy stajirovkaga faqat ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan 35 yoshdan oshmagan xodimlar yuborilishi rejalashtirilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122304 | Инструменты