Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreyaning Incheon International Airport Corporation kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashib, Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish loyihasi bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxo‘jayev Urganch aeroportida barcha turdagi samolyotlarni qabul qilish imkonini beruvchi 3300 metr uzunlikdagi yangi uchish-qo‘nish yo‘lagini kengaytirish va qurish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
Shuningdek, loyihada havo bandargohining navigatsiya, meteorologiya va yorug‘lik-signal tizimini modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu parvozlar xavfsizligini ta’minlash, o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish, qiyin ob-havo sharoitida parvozlarni qabul qilish va chiqarish imkonini beradi.
Inchon aeroporti xalqaro konsorsiumi soatiga 1300 yo‘lovchini o‘tkazish quvvatiga ega yangi terminal qurish konsepsiyasini taqdim etdi, bu hozirgi hajmdan uch baravar ko‘pdir.
“Yangi terminal qariyb 40 ming kvadrat metr maydonga ega bo‘ladi. Kuzatuvchilar, kutib oluvchilar va yo‘lovchilar uchun barcha imkoniyatlar yaratiladi. Texnologik jarayonlar, yo‘lovchilarni o‘tkazish tartibini soddalashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, Inchon aeroporti savdo nuqtalari, jumladan, duty-free do‘konlari uchun maydonni 10 barobarga oshiradi”, — dedi Uzbekistan Airports rahbari.
Javlonbek Umarxo‘jayev Inchon aeroporti bilan hamkorlik va loyihani amalga oshirish aviatsiya va transport-logistika sohasini rivojlantirishga yaxshi turtki berishiga ishonch bildirdi.
Yig‘ilishda prezident Inchon aeroporti mutaxassislarini jalb qilib, BOT (“Build-Operate-Transfer” yoki “Qurilish-Boshqaruv-Transfer”) modeli bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimni imzolashni tezlashtirish va Urganch aeroportini ekspluatatsiya qilish bo‘yicha topshiriq berdi.
Bundan tashqari, davlat rahbari Urganchga yangi aviakompaniyalarni jalb qilish vazifasini qo‘ydi. Sayyohlar oqimini ko‘paytirish uchun aviaqatnovlar sonini kamida 2 baravarga — hozirgi 80 tadan 160 taga oshirish rejalashtirilgan.
E’lon qilingan taqdimotga ko‘ra, Urganch aeroportini modernizatsiya qilish va Incheon International Airport Corporation boshqaruviga berish loyihasi 22 yil davom etadi, shundan uch yili qurilish-rekonstruksiya ishlariga ajratilgan.
DXSh loyihasining qiymati $223 mlnni tashkil etadi. Shundan $108 mlni davlat sherigi obyektlariga, yana $115 mlni xususiy sherikka to‘g‘ri keladi. Inchon aeroporti loyihani o‘z mablag‘lari va KIND beradigan qarz hisobiga teng ulushlarda moliyalashtiradi. O‘z navbatida, O‘zbekiston Koreya taraqqiyot banki va Eksimbanki mablag‘larini jalb qiladi hamda yevrobond obligatsiyalar chiqaradi.
Loyihani amalga oshirishning dastlabki uch yilida xususiy sherik tomonidan davlat foydasiga to‘lanadigan konsessiya to‘lovlari 5% ni tashkil etadi. 2032-yildan 2035-yilgacha to‘lov 16% gacha, 2036-yildan 2047-yilgacha 27% gacha oshadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50405 | Инструменты