Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi bilan bog‘liq qonun senatorlar tomonidan rad etildi

Bugun Oliy Majlis Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisida “Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantasiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham ko‘rib chiqildi.

Jinoyat kodeksining 133-moddasi birinchi qismiga kiritilayotgan o‘zgartishlarga asosan inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini olish hamda transplantatsiya qilishning belgilangan shartlari va tartibini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Biroq ushbu kodeks 133-moddasi birinichi qismining amaldagi tahririda shaxs tirikligida uning roziligini olmasdan turib yoki o‘lganidan keyin yaqin qarindoshlarining roziligisiz ilmiy ishlar yoxud ta’lim ishlari uchun transplantatsiya qilish yoki buzilmaydigan holda saqlash (konservatsiya) maqsadida murdaning a’zolari yoki to‘qimalarini ajratib olish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Kodeksga kiritilayotgan o‘zgartishlarga asosan endilikda inson o‘z a’zolarini ilmiy ishlar yoxud ta’lim ishlari uchun transplantatsiya qilishga rozilik bergan taqdirda yoki bunday rozilikni uning vafotidan so‘ng yaqin qarindoshi berganda ham bunday ishlar uchun jinoiy javobgarlik kelib chiqishi mumkin.

Shu sababli, majlisda jinoyat kodeksi 133-moddasining birinchi qismini qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq deb topildi.

Shuningdek, “Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida”gi Qonunning 14-moddasida ham inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining oldi-sotdisi taqiqlanishi, 3-moddasida esa inson a’zosini va (yoki) to‘qimalarini olishga ixtiyoriy rozilikning mavjudligi, bepul asosda hamda notarial tartibda tasdiqlangan yozma shaklda bo‘lishi kerakligi belgilanmoqda.

Ushbu qoida Fuqarolik kodeksining 105-moddasi birinchi qismida qayd etilgan yozma shakldagi bitim tuzilishi kerakligini ko‘rsatmoqda.

Biroq fuqarolik to‘g‘risidagi qonunchilikka asosan kelishuvlarning boshqacha shakllari ham mavjud ekanligini qayd etish lozim.

Shu bois, inson a’zolari va (yoki) to‘qimalarining qonunga xilof tarzda transplantatsiya qilinishini oldini olish maqsadida mazkur turdagi bitimlar (shartnomalar) tuzilishi uchun ham jinoiy javobgarlikni belgilash maqsadga muvofiq.

Bundan tashqari, “Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida”gi Qonunning 10-moddasida inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini uning murdasidan olishga uning tiriklik chog‘idagi notarial tartibda tasdiqlangan yozma roziligi mavjud bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yishi qayd etilgan.

Bu holatda “Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida”gi Qonunning 5-moddasini “Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiqlashtirish maqsadga muvofiq.

Qonunda tartibga solinadigan javobgarlik munosabatlarining ahamiyatini e’tiborga olib, senatorlar ushbu Qonunni qayta ko‘rib chiqishni, unga kompleks yondashib, takomiliga yetkazishni maqsadga muvofiq deb hisobladi.

Ma’lumot o‘rnida, qonun tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari hamda ekspertlar ishtirokida har tomonlama o‘rganib chiqilgandan so‘ng qayta ko‘rib chiqish zarur degan xulosaga kelingan.

Shu tariqa ushbu qonun bugungi majlisda senatorlar tomonidan rad etildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121500 | Инструменты