Investitsiyaviy nizolarni sudlarda hal qilishning yangi tartiblari joriy etildi
Amaldagi qonunchilik talabiga ko'ra, investitsiyalar, shu jumladan, xorijiy investiyalar bilan bog'liq nizolar tumanlararo, tuman va shahar darajasidagi sudlar tomonidan hal qilinar edi.
Bu o'rinda fuqarolik, iqtisodiy va ma'muriy sudlar nazarda tutilmoqda. Endilikda, investitsiyaviy nizolarni sudlarda hal qilishning yangi tartiblari joriy etildi.
Birgina iqtisodiy sudlarda 2017-yilda investitsiya faoliyati bilan bog'liq 576 ta, 2018-yilda 609, 2019-yilda 647 ta nizolar hal etilgan.
O'tgan yilda iqtisodiy sudlarda chet ellik investorlar va chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar bilan bog'liq 3 mingdan ortiq nizo hal etilgan. Ushbu iqtisodiy ishlarning deyarli yarmi Toshkent shahar iqtisodiy sudida ko'rib chiqilgan.
Iqtisodiyotda investisiyalarning o'rni muhim ahamiyatga ega. Shunga qaramay, investitsiyaviy nizolarni hal qilishda mamlakatimizda qulay investitsiya muhiti shakllanishiga salbiy ta'sir ko'rsatadigan har xil yondashuv va sansalorliklarga yo'l qo'yish holatlari kuzatilgani ham hech kimga sir emas.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 24 iyulda qabul qilingan «Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi Farmonida fuqarolarning odil sudlovga bo'lgan huquqini amalda ta'minlash bilan bog'liq dolzarb muammolarga alohida e'tibor qaratilgani bejiz emas. Bu o'rinda, xususan, sudlarda investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini o'z vaqtida va samarali himoya qilish masalasi haqida so'z bormoqda.
Shu maqsadda 2021 yil 12 yanvarda «Sud qarorlarini qayta ko'rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi qonun qabul qilindi.
Qonun bilan Iqtisodiy protsessual kodeksiga iqtisodiyot sohasida investorlar hamda davlat organlari o'rtasidagi investisiyaviy shartnomalardan kelib chiqadigan nizolar bo'yicha va raqobatga oid ishlarni taalluqliligi va tegishliligiga oid normalar kiritildi.
Jumladan, yirik investor va raqobatga oid ishlar bo'yicha taraflarning xohishiga ko'ra, ushbu toifadagi ishlar Oliy sudning investitsiyaviy nizolarni hamda raqobatga oid ishlarni ko'rish bo'yicha sudlov tarkibi tomonidan ko'rilishi, qolgan investitsiyaviy nizolar investorlarning xohishiga ko'ra, Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudi tomonidan birinchi instansiya sudi sifatida ko'rilishi belgilandi.
Shu bilan birga, Iqtisodiy protsessual kodeksiga yangi 301-modda kiritildi. Unga ko'ra, investitsiyaviy nizolar bo'yicha ishlar jumlasiga:
- investitsiya shartnomalarini tuzish, o'zgartirish va bekor qilish bilan bog'liq nizolar;
- investitsiya shartnomalarini haqiqiy emas, deb topish haqidagi nizolar;
- investitsiya shartnomasining bajarilishi bilan bog'liq nizolar;
- investitsiya shartnomasidan kelib chiqadigan soliq, bojxona, ijtimoiy, ekologik va boshqa majburiyatlarning investor tomonidan bajarilishi bilan bog'liq nizolar;
- investitsiya shartnomasi bo'yicha investorga berilgan mol-mulkni talab qilib olish yoki bunday shartnoma bo'yicha neustoyka undirish va (yoki) zararlar o'rnini qoplash to'g'risidagi nizolar kiradi.
Bundan tashqari ushbu kodeks yana 302-modda bilan to'ldirildi. Mazkur yangi modda yuridik shaxslar, shu jumladan, chet el yuridik shaxslari, xo'jalik boshqaruvi organlari, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda monopoliyaga qarshi organlar o'rtasida tovar va moliya bozorlarida raqobat sohasidagi munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar raqobatga oid ishlar jumlasiga kirishi haqidagi normalardan iborat.
Prezidentimizning 2020 yil 29 dekabrda Oliy Majlisga yo'llagan Murojaatnomasi tarixiy ahamiyatga ega bo'lib, ayni sohadagi islohotlarni ham yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi. Murojaatnomada ta'kidlanganidek, bu boradagi muhim yangilik — investorlar huquqlarini munosib himoya qilish maqsadida Oliy sudda investitsiyaviy nizolar va raqobatga oid ishlarni ko'rish bo'yicha maxsus sudlov tarkibi tashkil etilganligi bo'ldi.
Oliy sudda investitsiyaviy nizolar bo'yicha maxsus sudlov tarkibining tashkil etilishi, ushbu toifadagi ishlar bo'yicha alohida sudlovlilik qoidalarining belgilanishi investorlarning nizolarni hal qilish uchun turli sud instansiyalari o'rtasida sarson bo'lishining oldini oladi.
Ularning muammolari bitta sudda hal qilinishini ta'minlaydi.
Xulosa qilib aytganda, ayni vaqtda sohada amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlarning asl mohiyati investitsiyaviy muhitning jozibadorligini yanada oshirish, iqtisodiyotni rivojlantirish hamda shu orqali xalq farovonligiga erishishdir.
Investorlar, shu jumladan, chet el investorlarining huquq va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish mexanizmining takomillashishi esa, investisiyaviy nizolar tez va samarali hal qilinishiga, yagona sud amaliyoti ta'minlanishiga ko'maklashadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112115 | Инструменты