Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva raisligida Toshkent shahri havosi holati bo‘yicha Maxsus komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
“Prezidentimiz mendan har kuni bu masala bo‘yicha hisobot so‘rayaptilar. Xalqimizning salomatligi bilan bog‘liq masala bo‘lgan joyda hech birimizning sustkashlikka yo‘l qo‘yishimizga haqqimiz yo‘q”, — dedi Saida Mirziyoyeva.
Mutasaddilar qabul qilingan chora-tadbirlar to‘g‘risida hisobot berdi. Xususan, yirik yashil hududlar va bog‘lar tashkil qilish, tabiiy suv havzalari atrofini obodonlashtirish, sunʼiy ko‘llar qurish haqida so‘z bordi.
Sanoat zonalari va issiqxonalardagi ekologik holatni qatʼiy nazorat qilish bilan bir qatorda, belgilangan talab doirasida ishlashni xohlovchi tadbirkorlarga davlat tomonidan har tomonlama ko‘mak berish kerakligi taʼkidlandi.
Lekin o‘z navbatida, ekologiyani buzayotgan va qoidalarni pisand qilmaydigan har qanday subyektga nisbatan keskin qonuniy choralar ko‘rilishi, bunda hech kimga istisno qilinmasligi qayd etildi.
Saida Mirziyoyeva Farg‘onada ham vaziyatni yaxshilash bo‘yicha keskin choralar ko‘rish yuzasidan masʼullarga topshiriqlar berdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120309 | Инструменты