Iyul oyida Toshkentda kvartiralarni ijaraga berish narxining pasayishi sezilarli darajada sekinlashdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi o‘zining navbatdagi sharhida ko‘chmas mulk bozorida yuz bergan o‘zgarishlarni tahlil qildi.

Iyul oyida ko‘chmas mulkni oldi-sotdi bitimlari soni deyarli 25 mingni tashkil etdi, bu bir oy oldingiga nisbatan 5,5%ga ko‘pdir.

Eng katta o‘sish Andijon – 19,5%, Sirdaryo – 16,8% va Jizzax – 16,5% viloyatlarida qayd etildi.

O‘tgan yilning iyul oyiga nisbatan uy-joy savdosi 22,7%ga oshdi.

Eng yuqori o‘sish sur’atlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 96%, Buxoro – 48% va Sirdaryo – 35% viloyatlarida qayd etildi.


Toshkentda uy-joy ijarasi bozoridagi vaziyat

Iyul oyida ijara bozori barqarorlasha boshladi. Toshkentda kvartiralarni ijaraga berish narxining pasayishi sezilarli darajada sekinlashdi. Agar iyun oyida ijara bozori 2,4%ga pasaygan bo‘lsa, iyul oyida bu pasayish 0,7%ni tashkil etdi va 1 kv.m. uchun 8,7 dollardan oshmadi.

1 kv.m uchun uy-joy ijarasining eng yuqori narxlari Mirobod – 11,7 dollar, Yakkasaroy – 10,7 dollar va Shayxontohur tumanlarida - 10,5 dollarni tashkil etdi.

Poytaxtda uy-joy ijarasi uchun eng qulay manzillar Uchtepa (7,1 dollar), Sergeli (6,4 dollar) va Bektemir (5,6) tumanlari bo‘lib qolmoqda.

Shu bilan birga, o‘tgan yilga nisbatan Toshkentda o‘rtacha ijara narxi 7,7%ga oshdi. Yil boshidan buyon o‘rtacha ijara narxi deyarli 15%ga kamaydi.

Ikkilamchi ko‘chmas mulk bozori

Iyul oyida ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorida uy-joy narxining o‘sishi davom etdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, uy-joylarning 1 kv. m. uchun o‘rtacha narxi iyun oyidagi 0,8%ga nisbatan 1,8%ni tashkil etdi.

Ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi 2023-yil boshidan buyon 13 foizga oshdi, eng katta o‘sish fevral oyida 4,5 foizga qayd etildi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan narxlar 23,3 foizga oshgan.

2022-yil iyul oyidan boshlab uy-joy narxining sezilarli o‘sishi Namangan shahrida – 35,3%, Toshkent viloyatida – 32,3% va Toshkent shahrida – 30,9% kuzatildi.

Poytaxtning ikkilamchi bozorida narxlar yil davomida 15,6%ga oshdi. Fevral oyida ikkilamchi uy-joy narxining o‘sishi eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi va 3,8%ni tashkil etdi. Eng past ko‘rsatkich iyun oyida 0,7%ga qayd etilgan.

Oy davomida Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi 1,8%ga oshdi. Narxlarning eng yuqori o‘sishi Shayxontohur – 3,3%, Yakkasaroy – 2,9% va Bektemir - 2,6% tumanlarida qayd etildi.

2022-yil iyul oyiga nisbatan Toshkent shahrida uy-joylarning o‘rtacha narxi 30,9%ga oshdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 60321 | Инструменты