Toshkent shahridagi barcha qurilish obyektlari uchun yangi talablar joriy etilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
3-iyun kuni bo‘lib o‘tgan muloqotda shahar hokimi Shavkat Umurzakovning qurilish obyektlarida ekologik normalarni joriy etish bo‘yicha qarori ijrosini ta’minlash, ekologik vaziyatni yaxshilash hamda qurilish maydonlarini yagona tartib asosida tashkil etishga qaratilgan innovatsion va namunaviy loyiha taqdim etildi.
Unga ko‘ra, qurilish obyektlari tashqi tomondan maxsus to‘siqlar bilan o‘ralishi, obyekt pasporti o‘rnatilib unda barcha zarur ma’lumotlar aks ettirilishi, piyodalar xavfsizligi uchun himoya soyabonlari tashkil etilishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, qurilish maydonlari perimetri bo‘ylab mikroiqlim yaratish tizimlari, suv purkagich va dozatorlar o‘rnatiladi. Qurilish jarayonlarini doimiy nazorat qilish maqsadida videokuzatuv kameralari o‘rnatilib, ular Qurilish nazorati inspeksiyasi tizimiga integratsiya qilinadi.
Bundan tashqari, ekologik datchiklar, tungi kuzatuv vositalari, artezian suv quduqlari, avtomobillarni yuvish maydonchalari hamda avtomatik elektr hisoblagichlarini joriy etish rejalashtirilgan. Qurilish texnikalaridan shahar ko‘chalariga toza holda chiqish talab etiladi.
Toshkent shahar Qurilish nazorati inspeksiyasi boshlig‘i Sirojiddin Eshquvvatov yangi tartib va talablarning mazmuni haqida batafsil ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, poytaxtdagi 1700 ga yaqin qurilish obyektlariga mazkur talablarni joriy etish uchun muayyan muddat beriladi.
Toshkent shahar hokimi loyihani takomillashtirish uchun barcha konstruktiv takliflarga ochiq ekanini, bildirilgan fikrlar asosida zarur o‘zgartirishlar kiritilishi mumkinligini qayd etdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60316 | Инструменты