"Jahon mamlakatlari demokratiyasi indeksining 2021 yildagi reytingida O‘zbekiston o‘z pozitsiyasini 5 pog‘onaga yaxshilab, 150-o‘rinni egallagan" — Tanzila Norboyeva
2021 yil davomida e’lon qilingan 19 ta xalqaro reytingda O‘zbekistonning o‘rni aks etib, 11 tasida mamlakat pozitsiyasi yaxshilangan. Bu haqda 14-aprel kuni Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashining navbatdagi yig‘ilishida Senat raisi Tanzila Norboyeva ma’lum qildi.
Xususan, Suveren kredit reytinglarida ijobiy tendensiyalar kuzatilib, “Es end Pi” («S&P») xalqaro reyting agentligi O'zbekiston kredit reytingini “salbiy”dan “barqaror”ga, “Mudis” (Moody’s) agentligi esa “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgartirdi.
Global innovatsiyalar indeksida O‘zbekiston 2021 yilda 7 pog‘onaga ko‘tarilib, 132 ta davlat orasida 86-o‘rinni egalladi va eng tez yuqorilagan mamlakatlar top 10 taligiga kirdi.
“Transparency International” xalqaro tashkilotining 2021 yil uchun Korrupsiyani qabul qilish indeksida mamlakatimiz o‘z o‘rnini 6 pog‘ona yaxshilab, 180 ta davlat ichida 140-o‘rinni egalladi va so‘nggi besh yilda 17 pog‘ona yuqoriladi. Tashkilot hisobotida O‘zbekiston Markaziy Osiyoda o‘rnak bo‘layotganligi va so‘nggi 5 yilda eng barqaror o‘sish ko‘rsatkichiga erishgan jahondagi 6 ta davlatdan biriga aylangani alohida ta’kidlangan.
Tadbirda mutasaddi vazirlik va idoralarning axborotlari eshitilib, hududlarda xalqaro reytinglar bilan ishlash holati, mavjud muammo va kamchiliklar, foydalanilmagan imkoniyatlar hamda ayrim xalqaro reytinglarni, shu jumladan Buyuk Britaniyaning “Oxford Insights” konsalting kompaniyasi va Kanadaning Xalqaro tadqiqotlarni rivojlantirish instituti tomonidan yuritiladigan “Hukumatning sun’iy intellektga tayyorgarlik indeksi”ni O‘zbekiston uchun ustuvor sifatida belgilash masalasi muhokama etildi.
"Shuningdek, Jahon mamlakatlari demokratiyasi indeksining 2021 yil yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan reytingda O‘zbekiston o‘z pozitsiyasini 5 pog‘onaga yaxshilab, 150-o‘rinni egallagan. Jahon banki tomonidan yuritiladigan Boshqaruv sifati indikatorlarining ikkitasida mamlakatimizning o‘rni yaxshilangan bo‘lsa, ikkitasida pasaygan. Masalan, Aholi fikrini hisobga olish va hisobdorlik hamda Huquq ustuvorligi indikatorlarida mamlakatimiz o‘z pozitsiyasini yaxshilay olmagan", — dedi Tanzila Norboyeva.
Qayd etilishicha, tadbirda O'zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohaga oid ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha 2022 yilga mo‘ljallangan tashkiliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, yil davomida 1 ta strategiya, 5 ta kodeks, 9 ta qonun, 2 ta konsepsiya va 35 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarini ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.
Xususan, davlat kompaniyalarining investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda davlat kafolatini berishni bosqichma-bosqich kamaytirish, parlamentdagi “Hukumat soati” instituti va deputatlikka nomzod ko‘rsatish tartibini takomillashtirish, monopol korxonalar tomonidan ishlab chiqilayotgan mahsulotlar tannarxi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qilib borish tizimini joriy qilish kabi 300 dan ortiq vazifani bajarish rejalashtirilmoqda.
Yig‘ilish yakunida Respublika kengashining tegishli qarori qabul qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 32704 | Инструменты