Joriy yilda qo‘shimcha 132 ming o‘rinli talabalar turar joyiga talab mavjud — vazirlik

Oliy ta’lim muassasalarida talabalar turar joylarini davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etish tizimi joriy etilgan bo‘lib, 2022-yilda yangi qurilish, ta’mirlash, bo‘sh turgan binolarni moslashtirish va mavjud o‘rinlarini maqbullashtirish hisobiga jami 20 153 o‘rinli turar joy foydalanishga topshirildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, davlat OTMdagi talabalar turar joylarining soni bugungi kunda 287 taga yetkazilib, jami 109 504 nafar talabalarni joylashtirish imkoniyati yaratildi. Shunga qaramasdan, qo‘shimcha 132 ming o‘rinli talabalar turar joyiga talab mavjud.

Ushbu ehtiyojni qondirish maqsadida Prezidentning “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida Farmoniga asosan 2023-yil yakuniga qadar 18 ming o‘rinli talabalar turar joylarini qurish va foydalanishga topshirish belgilangan.

Joriy yilda yotoqxonalarni barpo etish bo‘yicha jami 28 526 o‘rinli 58 ta loyiha amalga oshirilmoqda, jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida 19576 o‘rinli 40 ta, oliygoh va byudjet mablag‘lari hisobidan 3450 o‘rinli 7 ta, oliygohlarning to‘liq o‘z mablag‘lari hisobidan 3 900 o‘rinli 8 ta hamda investitsiya dasturi doirasida 1 600 o‘rinli 3 ta loyihalarda tegishli ishlar amalga oshirilyapti.

Ayni damda respublika bo‘yicha jami 16 466 o‘rinli 31 ta loyihalarda qurilish ishlari jadal suratlarda olib borilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston milliy universitetida davlat-xususiy sheriklik, asosida 86,3 mlrd so‘mlik loyiha amalga oshirilayotgan bo‘lib, 1000 o‘rinli talabalar turar joyini qurish ishlari bugundan boshlandi.

Toshkent davlat pedagogika universitetida davlat-xususiy sheriklik asosida 57,1 mlrd so‘mlik loyiha amalga oshirilayotgan bo‘lib xususiy tashabbuskor tomonidan 1000 o‘rinli TTJ qurish ishlari boshlangan.

Farg‘ona davlat universitetida davlat-xususiy sheriklik asosida loyiha umumiy qiymati 58,9 mlrd so‘mlik 804 o‘rinli yotoqxonani qurish ishlari olib borilmoqda.

Ushbu binolarga zamon talablariga mos ravishda quyosh panellari o‘rnatilib, tashqi devor qismi bazalt issiqlikni ta’minlovchi material bilan qoplanadi.

 Yil yakuniga qadar talabalar turar joyi fondi 127 ming o‘rindan oshirish rejalashtirilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121500 | Инструменты