Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti osh tuzi isteʼmolini kamaytirish bo‘yicha yangi tavsiyalarini eʼlon qildi.
Qayd etilishicha, tuzdan meʼyordan ortiq foydalanish qon bosimi ko‘tarilishi, infarkt, insult, buyrak kasalliklariga chalinish xavfini oshiradi.
JSST tavsiyalariga ko‘ra, kunlik natriy isteʼmoli 2 grammdan oshmasligi kerak. Bu taxminan 5 gramm, yana-da soddaroq aytganda, bir choy qoshiq osh tuzi deganidir.
Biroq hozirgi kunda odamlar kuniga 4,3 grammdan ortiq natriy isteʼmol qilmoqda. Ushbu ko‘rsatkich tavsiya etilgan meʼyordan qariyb ikki barobar ko‘p.
Vaholanki, bundan o‘n ikki yil avval JSSTga aʼzo davlatlar bilan 2025 yilga borib, tuz isteʼmolini 30 foizga kamaytirish yuzasidan kelishuvga erishilgan edi. Ammo, afsuski, bu maqsad amalga oshmadi. Shu bois belgilangan muddat 2030 yilgacha uzaytirildi.
Yangi tavsiyalarga ko‘ra, anʼanaviy osh tuzi o‘rniga kaliy tuzidan foydalanish maqsadga muvofiq. Bu orqali, avvalo, qon bosimi normallashib, yurak-qon tomir kasalliklari xavfi kamayadi. Asab tizimi yaxshilanadi.
Kaliy tuzi taʼmi va xususiyatlari bo‘yicha oddiy tuzdan deyarli farq qilmaydi.
To‘g‘ri, kaliy tuzi hali keng ommalashmagan, ayrim hududlarda esa sotuvda topish qiyin. Qolaversa, narxi baʼzi mamlakatlarda oddiy tuzdan biroz qimmatroq bo‘lishi mumkin. Ammo bu moddani keng isteʼmolga kiritish orqali muammoning samarali yechimini topsa bo‘ladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20618 | Инструменты