Huawei 1
Kamida 300 ta davlat xizmatlari xususiy sektorga o‘tkazilishi mumkin

Prezidentning 2023 yil 11 sentyabrdagi PF-158-son farmoniga muvofiq “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi tasdiqlangan. Mazkur hujjat O‘zbekistonning asosiy rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab beruvchi muhim hujjat hisoblanib, 5 ta ustuvor yo‘nalish doirasida 100 ta maqsadga erishishga qaratilgan.

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasi mamlakatning barqaror va inklyuziv rivojlanishini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan va O‘zbekistonning uzoq muddatli rivojlanish yo‘nalishlarini belgilaydi. Unda turli sohalardagi islohotlar, iqtisodiy o‘sish, taʼlim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimlarining takomillashtirilishi, ekologik barqarorlikni taʼminlash va davlat boshqaruvini zamonaviylashtirish kabi maqsadlar ko‘zda tutilgan.

Jumladan, ushbu strategiyaning IV. QONUN USTUVORLIGINI TAʼMINLASH, XALQ XIZMATIDAGI DAVLAT BOSHQARUVINI TASHKIL ETISH yo‘nalishida Davlat xizmatlarini raqamlashtirishning ko‘lamini kengaytirish orqali aholi uchun «Servis davlat» tizimini joriy qilish, fuqaro va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda byurokratik tartibotlarga barham berish kabi maqsadlar belgilangan.

Ushbu maqsadlar quyidagi bandlarni o‘z ichiga olgan:

1. Elektron shaklda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ulushini 100 foizgacha yetkazish 

2.  Faqat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar ulushini 50 foizgacha yetkazish.

3.  Kompozit va proaktiv tarzda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ulushini kamida 40 taga oshirish.

4. Kamida 300 ta davlat xizmatlarini xususiy sektorga o‘tkazish.

5.  Litsenziyalash va ruxsat berish hujjatlarini kamida 20 foizga qisqartirish hamda 50 foizini soddalashtirish.

6.  Davlat xizmatlarini ko‘rsatishning 300 taga yaqin tartib-taomillarini soddalashtirish.

7.  Davlat xizmatlarini «3 qadam», «foydalanuvchi uchun moslashtirilgan», «barchasi bir mobil ilovada» tamoyillari asosida raqamlashtirish.

8. Davlat xizmatlarining 40 foizini xususiy sektorga o‘tkazish va fuqarolarning shaxsiy ishtirokini 2 barobarga qisqartirish.

9. «Elektron hukumat» tizimining yangi bosqichi — «Raqamli hukumat» tizimiga o‘tilib, barcha hujjatlar va munosabatlarning raqamli shaklda bo‘lishini taʼminlash.

10. Fuqarolarning davlat xizmatlaridan foydalanishi uchun murojaat qilishida ariza yozish, turli shakllarni to‘ldirish kabi ortiqcha formal tartiblarni bekor qilish, davlat idoralari zarur hujjatlarni elektron bazadan o‘zi oladigan tizim yaratish.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11823 | Инструменты