Markaziy bank tijorat banklari, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tizimlaridan "mijozning roziligisiz va uni ogohlantirmagan holda uning kartasidan kredit va boshqa qarz to‘lovlari uchun mablag‘larni akseptsiz yechib olish" amaliyotiga chek qo‘yishni qat’iy talab qilmoqda. Bu bo‘yicha Markaziy bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari tomonidan imzolangan tegishli xat joriy yil 21 dekabr kuni tijorat banklari, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tizimlariga yuborilgan.
Xatda tijorat banklari tomonidan fuqarolarning bank kartalaridan mablag‘larni masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimlari orqali kredit to‘lovlari uchun avtomatik tarzda hisobdan chiqarish (avtoto‘lov) jarayonlarida amaldagi qonunchilik hujjatlari talablari buzilayotgani, bu borada bir necha bor murojaatlar kelib tushayotgani qayd etilgan.
Bundan tashqari, ayrim banklar kredit ta’minoti sifatida sug‘urta polisi olayotgani bois, ushbu kreditlar belgilangan muddatda qaytarilmagan taqdirda, sug‘urta tashkiloti tijorat bankiga kredit qarzdorligini to‘liq qoplab berayotganligi, natijada bankning majburiyat (kredit) bo‘yicha qarz oluvchiga bo‘lgan huquqlari sug‘urta tashkilotiga o‘tganligi uchun, sug‘urta tashkiloti qarz oluvchining bank kartalaridan mablag‘larni akseptsiz tarzda yechib olayotgan holatlar tanqid qilingan.
Xatda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 783-moddasiga ko‘ra, mijozning topshirig‘isiz hisobvaraqda turgan pul mablag‘larini o‘chirishga sudning qarori bilan, shuningdek ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunda belgilab qo‘yilgan yoxud bank bilan mijoz o‘rtasidagi shartnomada nazarda tutilgan hollardagina yo‘l qo‘yiladi.
Qarz oluvchi bilan sug‘urta tashkiloti o‘rtasida qarz oluvchining bank kartalaridan mablag‘larni akseptsiz tarzda yechib olish yuzasidan shartnoma tuzilmagan va bunday huquqning nobank tashkilotlariga berilishi qonunchilikda ham ko‘zda tutilmagan. Bundan tashqari, ayrim to‘lov tashkilotlari tomonidan sug‘urta tashkilotlarini "E-POS” maxsus terminallar bilan ta’minlab berilganligi natijasida, ularga qarz oluvchilarning bank kartalaridan mablag‘larni akseptsiz tarzda yechib olishiga imkon yaratib berilgan. Bu esa, fuqarolar tomonidan bank kartalaridan foydalanmaslikka yoki karta hisobvarag‘ida pul mablag‘larini saqlamaslikka olib kelmoqda.
Tijorat banklari tomonidan fuqarolarning bank kartalaridan pul mablag‘larini ushbu bank kartalari egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlamagan holda hisobdan chiqarilishiga (shuningdek, bunday imkoniyatni sug‘urta tashkilotlari uchun yaratilishiga) yo‘l qo‘yilganligi faktlari iste’molchilarining huquqlari buzilganligi holati deb baholanadi hamda bunday qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan tijorat banklariga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rilishiga sabab bo‘ladi, deb ta’kidlagan Markaziy bank.
Shuningdek, Markaziy bank “Bank xizmatlari iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risida”gi Nizomga (№3030, 2018 yil 2 iyul) muvofiq, bank tomonidan kreditlar, mikroqarzlar va lizing bo‘yicha qarzdorliklarni so‘ndirishda avtoto‘lov usulidan foydalanganda, bank keyingi ish kuni hisobvaraq (omonat, karta) egasiga mablag‘ qanday sabablarga asosan va kimning foydasiga chiqarilganligini ko‘rsatgan holda xabarnoma (ma’lumotnoma) yuborishi shartligini eslatib o‘tgan. Shunindek, bu borada tegishli ko‘rsatma xatlari o‘tgan yilning mart oyida va joriy yilning yanvar oyida tijorat banklariga yuborilganini aytgan.
Xat yakunida Markaziy bank tijorat banklaridan:
fuqarolarning bank kartalarini (tijorat banki bilan tuzilgan o‘zaro shartnoma yoki oferta asosida) avtoto‘lov xizmatiga ulanishi to‘g‘risida SMS-xabarnoma orqali o‘z vaqtida xabardor qilishni;
avtoto‘lov xizmati orqali amalga oshiriladigan to‘lovlarda “qaysi kredit to‘lovi uchun va kimning foydasiga” undirilayotganligi haqida SMS tarzda bank karta egasiga xabarnoma jo‘natilishi hamda karta egasi rozilik bergan taqdirda to‘lovni amalga oshirish mexanizmini yaratishni;
kreditlar bo‘yicha qarzdorning va "kafil"ning shartnomada nazarda tutilgan tartibda bank kartasidan pul yechilish jarayonida uning mobil raqamiga “roziligini so‘rash, yuzasidan SMS-xabarnoma yuborish va ushbu xabarnomada qaysi ‘to‘lov uchun pul yechilishi to‘grisida to‘liq va aniq ma’lumot ko‘rsatilishi va uning roziligini olgan holda to‘lovni amalga oshirishni;
xatarlarni minimallashtirish hamda firibgarlikni oldini olish maqsadida tijorat banklari va to‘lov tashkilotlari mobil ilovadan foydalanuvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tishda, mobil ilovaga bank kartalarini biriktirishda, mikroqarz, kredit rasmiylashtirish amalga oshirilganda mijozlarni identifikatsiyalash uchun qo‘shimcha tarzda Face ID mexanizmini joriy etishni;
mijozlarga mikroqarz va kredit ajratishda uning yaqin qarindoshlari yoki tanish-bilishlarining mobil raqamini tizimga kiritishdan avval ularning raqamlariga tasdiqlovchi kod yuborish va ular rozi bo‘lganda jarayonlarni davom ettirishni;
bank kartalaridan mablag‘larni akseptsiz tarzda yechish jarayonida qonun hujjatlariga qat’iy rioya qilinishini so‘ragan.
Markaziy bank yuqoridagi topshiriqlar ijrosi nazorati borasida shu yil 29 dekabrga qadar Markaziy bankka hisobot taqdim etilishini talab qilgan, aks holda qonunchilikka muvofiq to‘lov tizimlaridan o‘chirish yoki jarima sanksiyalari qo‘llanilishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42710 | Инструменты