Huawei 1
Kelgusi yilda Qoraqalpog‘istonda ijtimoiy soha va infratuzilma uchun 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratish reja qilingan

Qoraqalpog‘iston aholisiga qulay sharoitlar yaratib berish uchun respublika budjetidan yil yakunigacha qo‘shimcha 100 milliard so‘m berilishi belgilandi.

Kelgusi yilda Qoraqalpog‘istonda ijtimoiy soha va infratuzilma uchun 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratish reja qilingan. Xususan, 24 ta maktab, 5 ta bog‘cha, 7 ta tibbiyot muassasasi quriladi va taʼmirlanadi.

Sanoat zonalari va yirik ishlab chiqarish obyektlariga infratuzilma olib borishga 353 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Qoraqalpog‘istonning imkoniyatlarini to‘liq ishga solish maqsadida hududni rivojlantirish bo‘yicha berilgan topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli ijrosi ustidan nazorat Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva va Prezidentning Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Tursinxan Xudaybergenov zimmasiga yuklatildi.

Prezidentimiz tadbirkorlar bilan bu yilgi ochiq muloqot aynan Qoraqalpog‘istonda o‘tkazilishining sabablarini aytdi.

Qayd etilganidek, Qoraqalpog‘istonga investitsiya kiritib, biznes qilishning boshqa hududlarga nisbatan 3 ta ustunligi bor.

Birinchisi – Qoraqalpog‘istonda biznes uchun birorta hududda yo‘q imtiyozlar paketi qilib berilgan. Jumladan, so‘nggi besh yilda alohida farmon va qarorlar bilan 52 turdagi imtiyoz va yengilliklar berildi.

Ushbu imtiyozlar hisobiga o‘tgan davrda tadbirkorlar ixtiyorida 2 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ qoldi.

Bundan tashqari, 50 milliard so‘mdan yuqori loyihalarga infratuzilma qilib berishni ham davlat o‘z zimmasiga olgan.

Qoraqalpog‘istonning ikkinchi ustunligi – yer ajratishning sodda tizimi joriy qilingan.

Nukus shahrida 1 million dollar, qolgan tumanlarda 300 ming dollar investitsiya kiritish sharti bilan Vazirlar Kengashi qarori asosida yer uchastkalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri berilmoqda.

Uchinchisi. Qoraqalpog‘iston – bu Yangi O‘zbekistonning darvozasi. Chunki katta bozorlarga chiqish uchun eng qulay hudud aynan Qoraqalpog‘iston.

Lekin, tadbirkorlarimiz bu imkoniyatdan to‘liq foydalanmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, xom ashyo “Dovud-ota” postidan olib o‘tilsa, Sariyog‘ochga nisbatan masofa 1 ming kilometrga, transport xarajati esa 25 foizga kamayadi.

Agar import xom-ashyo Qoraqalpog‘istonni o‘zida qayta ishlanib, tayyor mahsulot qilib, eksportga chiqariladigan bo‘lsa, tashishdan iqtisod qilingan mablag‘ 2 karra oshadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122310 | Инструменты