Kichik AES qurilishi bo‘yicha jamoatchilik eshituvlari o‘tkaziladi - "O‘zatom" vakili

O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasi (KQAES) qurilishi bo‘yicha mahalliy jamoatchilik eshituvlari o‘tkaziladi. Bu haqda Atom energiyasi agentligi ("O‘zatom") direktori maslahatchisi Qosim To‘xtaxunov Markaziy Osiyoda atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha "Ostona – Moskva – Toshkent" videoko‘prigi chog‘ida ma’lum qildi.

"Referendum masalasiga kelsak... Konstitutsiyamizga ko‘ra, bu masalalar bo‘yicha referendum o‘tkazishga hojat yo‘q, lekin biz tabiiy ravishda joylarda jamoatchilik muhokamalarini o‘tkazamiz", — dedi u.

Yangi O‘zbekistonni qurish jarayonida mamlakat «jahon mehnat taqsimotining xomashyo qo‘shimchasi» bo‘lib qolish niyatida emas, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar yetkazib berish uchun mahalliy xomashyoni qayta ishlash rejalashtirilmoqda. Bunga misol qilib, qayta ishlana boshlangan paxta hamda to‘qimachilik va kalava xorijga sotilayotganini, buning natijasida valuta tushumi 4 barobar oshgani, 100 ming ish o‘rni yaratilgani ta’kidlandi. 

Uran bilan ham shunday qilish rejalashtirilgan. "Nega uranni qayta ishlash va qo‘shimcha mahsulotlar olish kerak emas? Prezidentimiz oldimizga ana shu vazifani qo‘ydi. Shu bois atom energetikasi masalasi biz uchun o‘zini oqladi va O‘zbekiston atom energetikasini – nafaqat yirik, balki kichik modulli [atom elektr stansiyalari]ni ham ishonch bilan rivojlantiradi, deb ishonamiz", — dedi Qosim To‘xtaxunov.

"O‘zatom" rahbari maslahatchisi bugungi kunda O‘zbekiston uchun kichik modulli reaktorlar maqbulroq ekanini ta’kidladi.

"Ular ancha moslashuvchan, ish rejimi 120 foizni tashkil qiladi. Biz qayta tiklanadigan energiya, quyosh energiyasini juda kuchli, keng joriy etayotganimizni hisobga olsak, hisob-kitoblarimiz shuni ko‘rsatadiki, kichik modullar energiya tizimining ishlash rejimiga juda muvaffaqiyatli, juda uyg‘un kirishi mumkin", dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, "Rosatom"ning bosh pudratchi sifatida tanlanishi «sof pragmatik yondashuv" bilan izohlanadi. 

"Biz tahlil qildik: dunyoda nima sodir bo‘lmoqda, qanday kompaniyalar ishlayapti, ular qanday ishlaydi. Va, tabiiyki, bizning tanlovimiz "Rosatom" foydasiga. Bu yerda sof texnik, sof pragmatik yondashuv bor", — dedi "O‘zatom" vakili. 

Media-ko‘prik 26 iyun kuni bo‘lib o‘tdi. Shu kuni Jizzax viloyatining Forish tumanidagi Tuzkon ko‘li yonida bo‘lajak stansiya joylashgan joyda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha shartnomani kuchga kiritish tartibi to‘g‘risida bayonnoma imzolandi. Stansiya infratuzilmasini yaratish ishlari kuzda boshlanadi.

KQAES qurilishi bo‘yicha shartnoma 27 may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Toshkentga tashrifi chog‘ida AES qurilishi direksiyasi va "Atomstroyeksport" kompaniyasi ("Rosatom"ning muhandislik bo‘limi) o‘rtasida tuzilgan.

Bundan tashqari, 2018 yil 7 sentabrdagi O‘zbekiston hududida atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish bayonnomasi imzolandi.

Stansiya qurilishida "Rosatom" bosh pudratchi bo‘lib, qurilishda O‘zbekiston kompaniyalari ham ishtirok etadi.

"Rosatom" rahbari Aleksey Lixachevning aytishicha, stansiyani ishga tushirish 2029-yildan 2033-yilgacha «bosqichma-bosqich, modulma-modul» amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Kichik atom elektr stansiyasida umumiy quvvati 330 MVt bo‘lgan oltita RITM-200N bosimli suvli yadro reaktorlari bo‘ladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70114 | Инструменты