Toshkent viloyatida eshak so‘yib sotgan yigit va ushbu go‘shtni xarid qilganlar jinoiy jazoga tortildi.
Sud hujjatida keltirilishicha, 2025 yil 7 yanvar kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan Toshkent viloyatida tezkor o‘rganish o‘tkazilgan. Unda mahalla hududidagi qarovsiz dala shiyponida 23 ta tirik va 15 ta so‘yilgan holdagi eshak topilgan.
2025 yil 9 yanvar kuni Hikmat (materialdagi barcha ismlar o‘zgartirilgan) dala shiyponida eshaklarni so‘yib, go‘shtini iste’mol uchun o‘tkazish maqsadida olib ketayotganda Nurafshon shahri hududida ushlangan. Tadbir davomida u 200 kg eshak go‘shtini Toshkent shahrida yashovchi Asomiddinga kilosini 20 ming so‘mdan sotishga kelishganini aytgan. Hikmat o‘z ixtiyori bilan tezkor tadbirda ishtirok etishini ma’lum qilib, aybiga iqrorlik va pushaymonlik bildirgan.
Hikmatning arizasi asosida tadbir davom ettirilgan: Mirobod tumani hududida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Asomiddin Sayfulladan 193 kg eshak go‘shtini 3 mln 860 ming so‘mga sotib olgan vaqtida ushlangan. Shuningdek, tadbir davomida Asomiddinning yashash xonadonidan 60 kg noma’lum hayvon go‘shti topilib, protsessual tartibda rasmiylashtirilib olingan. Asomiddin Tolib bilan birga ushbu go‘shtni Parkent tumani Guliston mahallasi hududidagi somsaxonada somsa tayyorlash va iste’molchilarga sotish maqsadida ishlatishi aniqlangan. Somsaxonadan 20 kg noma’lum hayvon go‘shti ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.
Tuman Hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi “salmonellyoz va ichak tayoqchalari ifloslanish darajasi o‘ta yuqori”ligi tufayli ushbu go‘sht mahsulotlari iste’molga yaroqsizligi haqida xulosa bergan.
Hikmat sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan.
“2024 yil dekabr oylarida ishlash maqsadida Toshkent shahriga keldim. Ish qidirib yurgan vaqtimda bir tanishim bilan qo‘ng‘iroqlashib, ish topolmayotganimni aytdim. U menga Asomiddinning telefon raqamini berib, eshak go‘shti sotib olishini, eshak so‘yib unga sotishim mumkinligini ma’lum qildi. Shundan so‘ng Asomiddinga qo‘ng‘iroq qildim. U menga eshak go‘shtining kilosini 20 ming so‘mdan sotib olishini bildirdi.
Toshkent viloyatining Piskent, O‘rta Chirchiq tumanlari hududlarida istiqomat qiluvchi mahalliy aholidan donasini 100-200 ming so‘mdan eshak sotib ola boshladim. So‘ngra ushbu eshaklarni so‘yish uchun joy qidirdim. Shunda Gallaquduq mahallasidagi eski ferma binosini topdim va cho‘pon bilan kelishdim. Unga eshak go‘shtini hayvonot bog‘iga topshirishimni aytib, yolg‘on gapirdim.
Eski fermaga jami 57 ta eshak olib borib qo‘ydim. 2024 yil dekabr oyidan 2025 yil yanvar oyiga qadar eshaklarning 32 tasini ferma hududida o‘zim so‘yib, go‘shtini Asomiddinga sotib keldim”, degan Hikmat o‘z ko‘rsatmasida.
U qilmishidan pushaymonligini, o‘ziga tegishli xulosa chiqarganini aytib, suddan yengillik so‘ragan.
Asomiddin ham sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan. U Hikmatga mol go‘shti sotib olishini aytganini bildirib, qilmishidan pushaymonligini ma’lum qilgan.
Tolib esa sudda Parkent tumani hududida somsa yopish bilan shug‘ullanishini, somsa uchun go‘shtni o‘zi Qo‘yliq dehqon bozoridan olib kelishini, kuniga 150-200 dona go‘shtli, 40-50 dona kartoshkali somsa yopishini aytgan.
Sud hukmi bilan Hikmat, Asomiddin va Tolib xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish jinoyatini sodir etganlikda aybli deb topilgan. Hikmat va Asomiddinga 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish, Tolibga esa 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60619 | Инструменты