Buxoro viloyatida qurilish materiallari sanoati rivoji, mahalliy xomashyodan samarali foydalanish va eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Bunga joriy yilning 15-may kuni O‘zsanoatqurilishbank tashabbusi bilan tashkil etilgan press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari yana bir bor guvoh bo‘ldi.
Press-turda jurnalistlar Kogon shahrida gipsokarton ishlab chiqaruvchi “Konchi” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurishdi.
20 mln AQSh dollarilik loyihaning 6,3 mln dollari bank kreditlari hisobidan moliyalashtirildi. Uskunalar Turkiya va Germaniyadan keltirilib o‘rnatildi. Bugungi kunda korxona 125 nafar ishchi bilan 4 smenali ish rejimida faoliyat yuritmoqda.
Eksportbop, ekologik toza mahsulot
Press-turda ta’kidlanganidek, korxona mahsulotlari xalqaro standartlarga javob beradi. Ekologik, toksik moddalarsiz, issiqlik saqlovchi va shovqin o‘tkazmas xususiyatlarga ega.
U yerda O‘zbekistonda birinchi bo‘lib binoning fasad qismiga mo‘ljallangan gipsokarton ham ishlab chiqarilmoqda. Mamlakatdagi gipsokarton ehtiyojining 10 foizini qoplamoqda. Turkmaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Afg‘oniston kabi davlatlarga ham eksport amalga oshirilmoqda.
Korxona hududidagi gips konida xomashyo zaxirasi 120-yilga yetadi. Bu uzoq muddatli ishlab chiqarishni kafolatlaydi.
Umuman loyiha mahalliy xomashyoni qayta ishlash, import o‘rnini bosish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eksport hajmini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Hududning qurilish materiallari rivojidagi hissasi
Press-tur doirasida jurnalistlar ishtirokida brifing o‘tkazildi. Unda O‘zsanoatqurilishbank Buxoro viloyatida amalga oshirayotgan loyihalar haqida ma’lumot berildi.
2024-yilda viloyatdagi 25 ta investitsiya loyihasiga jami 41,2 mln. dollar mablag‘ yo‘naltirilgan. Buning hisobiga 880 ta yangi ish o‘rni barpo etilgan, 14,3 mln. dollarlik mahsulot eksport qilingan. Ushbu ko‘rsatkich 2023-yilga nisbatan 102,4 foizga o‘sgan bo‘lib, import hajmi 22 foizga kamaygan.
Joriy yilda esa 100 mln. dollarlik 22 ta yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Natijada 1 000 ga yaqin aholi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi. Shuningdek, 70 mln. dollarlik 4 ta yirik loyiha 600 nafardan ziyod yurtdoshimiz uchun ish joyini yaratishi kutilmoqda.
– Qurilish materiallari sanoatidagi o‘sish va modernizatsiya jarayonlari viloyatimizdagi mavjud boy mineral xomashyo zaxiralari bilan asoslanadi, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATBning Buxoro bank xizmatlari ofisi rahbari Asliddin G‘aybullayev. – Buni “Konchi” misolida ham ko‘rish mumkin. Korxonaning mahalliy resurslarga tayangan holda ishlab chiqarishni kengaytirish, zamonaviy texnologiyalar jalb etish va eksportbop mahsulotlar yetkazib berish imkoniyatlari yuqori.
O‘zsanoatqurilishbank tomonidan olib borilayotgan sa’y-harakatlar esa, sohani rivojlantirishda bank sektori hissasini yaqqol namoyon etmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51706 | Инструменты