Huawei 1
Kreativ industriya: kreativ mahsulot va xizmatlar bozori rivojlanadi

2024 yil 4 oktyabrda kuchga kirgan “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi qonun milliy iqtisodiyotda qanday o‘rin tutadi? Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev bilan shu haqda suhbatlashdik. 

– Jahon iqtisodiyotida jadal rivojlanayotgan yangi sohalardan biri – bu kreativ sanoat tarmog‘i hisoblanadi. BMT rezolyutsiyasiga ko‘ra, kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishning muhim yo‘nalishlari, jumladan, kreativ iqtisodiyotni mustaqil tarmoq sifatida qo‘llab-quvvatlash, uning alohida statistik hisobotini yuritish va iqtisodiyotdagi ulushini oshirish nazarda tutilgan.

BMTning tahliliy ma’lumotlariga ko‘ra, madaniy va kreativ sohadagi mahsulotlarning dunyo yalpi ichki mahsulotidagi o‘rni 3,1 foizni tashkil etadi hamda jahonda ish bilan band aholining 6,2 foizi ushbu sohaga to‘g‘ri kelib, uning asosiy qatlamini yoshlar tashkil etadi. 

Ushbu sohada tovarlar va mahsulotlarni ishlab chiqarishda va realizatsiya qilishda kreativ fikrlash, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalar muhim rol o‘ynaydi.

– Kreativ iqtisodiyotni huquqiy tartibga solish bo‘yicha xorijiy davlatlarda qanday ijobiy tajribalar mavjud? 

– Indoneziyada “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan bo‘lib, Turizm va kreativ iqtisodiyot vazirligi tashkil etilgan. Umumiy qiymati 1 milliard dollar bo‘lgan 15 ta startap loyiha amalga oshirilib, kreativ iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 7 foizga yetgan.

Rossiyada Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish markazi va 20 ta kreativ iqtisodiyot yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlarni tayyorlaydigan Universal universitet tashkil etilgan. Strategik tashabbuslar agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “Kreativ industriyani rivojlantirish to‘g‘risida”gi qonun mavjud. 

Angliyada 2035 yilgacha innovatsiyalar strategiyasi qabul qilingan bo‘lib, hozirda kreativ industriyalarda 2,1 million nafar kishi faoliyat yuritib, kreativ iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 5,8 foizni tashkil etmoqda. 

Ushbu ma’lumotlar kreativ industriya ko‘plab mamlakatlarda iqtisodiy rivojlanish, innovatsiyalar va ijtimoiy o‘zaro ta’sirning asosiy omiliga aylanganini ko‘rsatmoqda. 

– Mamlakatimizda kreativ industriya sohasi qanday yo‘nalishlarni qamrab olgan?   

– Bugungi kunda mamlakatimizda kreativ industriya sohasiga oid 9,6 ming korxona mavjud. Ularda 84 ming nafar xodim faoliyat ko‘rsatmoqda (205 ta IT-markaz, 100 ta dizayn markazi, 60 ta animatsion suratlar markazi, 30 ta o‘yinlar ishlab chiqish markazi va 20 dan ortiq san’at galereyasi bor). Shuningdek, 28 ming nafar hunarmand ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritmoqda.

Bu esa, mazkur sohada yagona huquqiy bazani yaratishni, kreativ sohalarni aniq belgilashni hamda ularning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini oshirish va hisoblab borishni talab etadi. 

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasining “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi qonuni ishlab chiqildi. Qonunning kuchga kirgani iqtisodiy va madaniy salohiyatni mustahkamlash yo‘lidagi strategik qadam bo‘ldi. 

– Qonunning eng muhim jihatlari haqida to‘xtalib o‘tsangiz.

– Qonun 7 bob, 37 moddadan iborat bo‘lib, unda kreativ iqtisodiyot sohalari sifatida milliy iqtisodiyotimizning 15  yo‘nalishi belgilandi. 

Adabiy ijod, arxitektura, loyihalash, urbanistika, audiovizual san’at, moda va dizayn,  ijrochilik san’ati, muzeylar, badiiy galereyalar (ko‘rgazma), axborot-kutubxona faoliyati, nashriyot va matbaa, OAV sohasidagi ijodiy faoliyat va internet orqali uzatish, konsert-tomosha faoliyati va ommaviy-madaniy tadbirlar tashkil etish, prodyuserlik faoliyati,  raqamli texnologiyalar, reklama sohasidagi ijodiy faoliyat, san’at ashyolari va madaniy meros ob’ektlarini asrashga doir hamda restavratsiya faoliyati, tasviriy san’at, xalq amaliy san’ati, hunarmandchilik shular jumlasidandir. 

Kreativ iqtisodiyot bo‘yicha davlat siyosatining amalga oshirilishi mexanizmi belgilanib, Vazirlar Mahkamasining, vazirlik va idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining sohaga oid vakolatlari belgilandi.  

Qonun bilan kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashi tashkil etiladi. Ushbu kengash jamoatchilik asosida faoliyat olib boradigan maslahat organi hisoblanadi. 

Respublika kengashi tarkibi kreativ industriya sohalari bo‘yicha tegishli davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, kreativ industriya sohasidagi yetakchi tadbirkorlar hamda xalqaro va mahalliy ekspertlardan iborat bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi. 

– Kreativ iqtisodiyot uchun zarur infratuzilma va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari qanday yaratiladi? 

– Kreativ industriyalar parki va klasterlari, raqamli platformalar, ta’lim dasturlari va to‘garaklar, art-rezidensiyalar shakllarida yagona ekotizim yaratiladi. Bunda, kreativ industriyalar parkini tashkil etish va faoliyat olib berish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi va parkni boshqarish direksiya tomonidan amalga oshiriladi.

Qonunda kreativ industriyalar parkining asosiy vazifalari belgilandi. Unga ko‘ra, kreativ industriyani rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladi. Kreativ iqtisodiyotga investitsiyalar jalb qilinadi. Park rezidentlari uchun zarur resurslar va infratuzilma mavjudligi ta’minlanadi. Mahsulotlar aylanmasi va eksportini amalga oshirish uchun ekotizim rivojlantiriladi, shu jumladan, elektron platformalar va onlayn-bozorlar yaratiladi. 

Sohada ish o‘rinlarini yaratish hamda kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish, innovatsiya va ijodkorlikni rag‘batlantirish mexanizmlari belgilandi. 

Kreativ industriya sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan va so‘nggi 12 oy mobaynida daromadining kamida 80 foizini kreativ soha faoliyatidan olgan yoki sohaga mansub biznes-rejaga ega bo‘lgan sub’ektlar ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. (Bunda, davlat ulushiga ega bo‘lgan yuridik shaxslar kreativ industriyalar parki rezidenti bo‘lishi mumkin emas).

Qonunda iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va raqamli resurslarning kompleks majmuasini o‘z ichiga olgan kreativ iqtisodiyot infratuzilmasi tashkil etilishi belgilandi. Ushbu infratuzilma kreativ industriyalar parklari, kreativ industriya klasterlari, art-rezidensiyalar, kreativ industriya markazlari, innovatsion uskuna va texnologiyalar, raqamli dasturlar va platformalar hamda boshqa shakllarda bo‘ladi. 

Xususan, innovatsiyalarni rag‘batlantirish va kreativ industriya sohalarini rivojlantirish, sohada tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida davlat yoki xususiy investitsiyalar ishtirokida kreativ industriya klasterlari tashkil etiladi.  

Ichki va tashqi bozorlarda kreativ industriya sohalaridagi loyihalarni yaratish, ishlab chiqarish va ilgari surish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish maqsadida kreativ iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari tashkil etiladi. 

Kreativ industriyalarning respublika iqtisodiyotiga hissasini aniqlash maqsadida statistik ko‘rsatkichlarini shakllantirish hamda kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hisobga olish, madaniy merosni asrash qonun darajasida belgilandi. Kreativ iqtisodiyotning umumiy iqtisodiyotdagi ulushini 2030 yilgacha 5 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100823 | Инструменты