Huawei 1
“Kreativ inkubator” dasturiga arizalar qabul qilinmoqda

Kreativ inkubator dasturiga arizalar qabul qilinmoqda. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tanlov Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, “IT Park” hamda Toshkentdagi Vestminster xalqaro universiteti tomonidan tashkil etilmoqda.

Undan o‘tgan dastur ishtirokchilariga kreativ sanoat tarmoqlari sohasida o‘z loyihasini ishga tushirish, boshqarish va muvaffaqiyatga erishishlarida ko‘maklashiladi.

Dastur davomida ishtirokchilar individual murabbiylik maxsus darslarida ishtirok etishlari, sarmoyador va ustozlar, shu jumladan, xalqaro ekspertlar bilan muloqot qilishlari mumkin.

Ularga dastlabki moliyalashtirish mablag‘ini qo‘lga kiritish va o‘z g‘oyalarini soha yetakchilariga taqdim etish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, amaliy, malaka oshirish mashg‘ulotlari tashkil etilib, sanoat korxonalariga tashriflar amalga oshiriladi.

Dasturda san’at, dizayn, texnologiya hamda biznes kabi sohalar bo‘yicha g‘oya va boshlang‘ich bosqichdagi loyihaga ega talabalar, bitiruvchilar va mutaxassislar ishtirok etishi mumkin. Nomzodlar 18−35 yosh oralig‘ida bo‘lishlari kerak.

Loyiha joriy yilning 6-fevralidan boshlanib, mashg‘ulotlar Toshkentdagi Vestminster universiteti qoshidagi “InnoWIUT” tadbirkorlik laboratoriyasida olib boriladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11823 | Инструменты