Huawei 1
Madaniyat vazirligi 14 mlrd 900 mln so‘mga “ERP madaniyat” yagona boshqaruv tizimini ishlab chiqishga buyurtma berdi

Avvalroq Madaniyat vazirligi o‘tkazgan matbuot anjumanida mazkur axborot tizimini ishlab chiqish natijasida vazirlik tizimidagi 1 400 dan ortiq tizim tashkilotlar faoliyatida boshqaruv jarayonlari to‘liq raqamlashtirilishi, 34 ming nafardan ortiq soha xodimlari hamda madaniyat va sanʼat sohasida faoliyat olib borayotgan erkin ijodkorlarning yagona maʼlumotlar bazasi shakllantirilishi maʼlum qilingandi.

“Ma’muriy islohotlar doirasida madaniyat va turizm sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2023-yil 27-iyuldagi PF–114-son Farmonidan kelib chiqib, “Madaniyat va san’at sohasida axborot texnologiyalarini rivojlantirish va boshqaruvni raqamlashtirish orqali xizmat ko‘rsatish jarayonlarini soddalashtirishga qaratilgan “ERP madaniyat” yagona boshqaruv tizimini ishlab chiqish hamda joriy qilish bo‘yicha 2024–2027-yillarga mo‘ljallangan harakatlar dasturi” ishlab chiqilganligi ma’lum qilindi.

“ERP madaniyat” axborot tizimi doirasida jami 26 ta, shundan:

  • boshqaruv jarayonlari raqamlashtirish uchun 10 ta;
  • ta’lim jarayonlarini raqamlashtirish uchun 5 ta;
  • ijodiy faoliyat bilan bog‘liq jarayonlarni raqamlashtirish uchun 6 ta;
  • raqamlashtirish orqali aholiga qulay, ishonchli va sifatli madaniy xizmat ko‘rsatish uchun 5 ta axborot tizimlari ishlab chiqilishi.

Yuqoridagi axborot tizimlarining ishlab chiqishi natijasida 12 ta yangi elektron davlat xizmatlarining joriy qilinishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, aholiga qulaylik yaratish maqsadida yuqorida aytib o‘tilgan quyi axborot tizimlaridan foydalanish uchun, ularning modul va funksiyalaridan kelib chiqib 5 ta mobil ilova (1. Imkoniyati cheklangan shaxslar uchun “AUDIOBOOKS platformasining mobil ilovasi2. Aholi uchun foydali va qiziqarli ma’lumotlar taqdim etuvchi ilova; 3. Elektron kundalik mobil ilovasi; 4. "Milliy media platforma"sining mobil ilovasi; 5. Madaniyat vazirligi va tizim tashkilotlari xodimlari uchun funksional ilova.) ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.

“ERP madaniyat” axborot tizimini ishlab chiqish natijasida vazirlik tizimidagi 1 400 dan ortiq tizim tashkilotlar faoliyatida boshqaruv jarayonlari to‘liq raqamlashtiriladi, 34 ming nafardan ortiq soha xodimlari hamda madaniyat va san’at sohasida faoliyat olib borayotgan erkin ijodkorlarning yagona ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi, ularning milliy madaniyatimizni rivojlantirishga hamda O‘zbekiston imijini xalqaro maydonda yanada oshirish borasida amalga oshirayotgan ijodiy faoliyati bo‘yicha milliy reytingi yuritiladi.

Mazkur tizimlarni joriy etish orqali Madaniyat va san’at sohasiga ajratilayotgan davlat byudjeti mablag‘larining 20 foizigacha miqdorda iqtisod qilish rejalashtirilmoqda.

Madaniyat vazirligi va tizim tashkilotlari faoliyatini vakolatli organlar, shuningdek, vazirlikning Ichki audit va moliyaviy nazorat bo‘limi tomonidan o‘rganishlar xulosalariga ko‘ra davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lardan yiliga o‘rtacha hisobda 19 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ noto‘g‘ri sarflanishini: jumladan, boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish natijasida 14,8 mlrd so‘m, ta’lim jarayonlarini raqamlashtirish natijasida 1,2 mlrd so‘m, ijodiy faoliyat bilan bog‘liq jarayonlarni raqamlashtirish natijasida 3 mlrd so‘m oldini olish kutilmoqda.

“ERP madaniyat” yagona boshqaruv tizimini 2025-yil may oyidan boshlab, 2026-yil yakuniga qadar bosqichma-bosqich ishlab chiqish hamda joriy etish maqsad qidingan bo‘lib, jumladan, 2025-yil yakuniga qadar 9 ta quyi axborot tizimi, 2026-yil yakuniga qadar esa 17 ta quyi axborot tizimlarini ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Raqamli texnologiyalar vazirligining “Markazlashgan integrasion platformasi” orqali 33 ta vazirlik va idoralarning 128 turdagi raqamli ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilish rejalashtirilgan.

Ma’lumot o‘rnida, Madaniyat vazirligi tomonidan avval ishlab chiqilgan axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini “ERP madaniyat” yagona boshqaruv tizimi doirasida yagona nuqtada birlashtirish, takomillashtirish, foydalanuvchilarga qulayliklar yaratish, ommalashtirish hamda kiberbardoshligini kuchaytirish maqsad qilingan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61819 | Инструменты