Maktab darsliklari mualliflari Prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat bilan chiqdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Respublika ta’lim markazi muallif-xodimlarining prezident Shavkat Mirziyoyevga yo‘llagan videomurojaati tarqaldi. Ular tarmoq foydalanuvchilarining maktab darsliklari mazmuniga oid salbiy fikrlarini asossiz deb atamoqda.

Jumladan, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida pedagogik va ilmiy faoliyat olib borayotgan Komil Jalilovning fikricha, ayrim fuqarolar tomonidan sizdirilgan turli xil mish-mishlar jamoatchilikning kitoblar sifatiga doir qarashlarini noto‘g‘ri tomonga qarata boshlagan. Darsliklar ijarasi bilan bog‘liq mojarolar asta-sekin ularning mazmunini ham shubha ostiga olgan.

“Hurmatli Shavkat Miromonovich, 2016-yilda Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti ochilishiga bosh-qosh bo‘lganingizda bizni yig‘ib, metodikamizni yangilash, unga jahon nafasini, yangi tendensiyalarni olib kirish, jahon bilan bo‘ylashadigan ta’lim darsliklarini yaratish vazifasini qo‘ygan edingiz.

Bizning jamoa mana shu vazifani bajarish ustida kecha-yu kunduz ishladik. Yangi, zamonaviy, XXI asr talablariga javob beradigan, o‘quvchini mustaqil fikrlashga, muammolarni yechishga, qaror qabul qilishga, kreativ bo‘lishga undaydigan darsliklar yaratildi”, deya ta‘kidlandi.

Uning aytishicha, darslik yaratish oson ish emas. Bu ijodiy muhitni, ijodiy atmosferani talab qiladigan jarayon. Lekin oxirgi paytda ijtimoiy tarmoqlar orqali sizdirilayotgan har xil asossiz xabarlar ijodiy muhitni so‘ndiradi va mualliflarning ishi, rag‘batini ham o‘ldiradi.

“Darsliklarning ijarasi bilan boshlangan mojaro keyinchalik ularning mazmuniga ulanib ketdi. Asossiz ravishda darsliklarning sifatiga ham shubha bilan qaray boshlashdi.

Biz qarshi emasmiz, darsliklarning mazmunini o‘rganish kerak bo‘lsa, o‘rganishsin. Faqat bunga bahoni xolislar bersin. Zamonaviy metodikani, tendensiyalarni, hozirgi o‘quvchilarga nimani qanday o‘rgatish kerakligini tushunadigan mutaxassislar, ekspertlar baho bersin. Bularning ortidan o‘zining qandaydir biznes manfaatlarini ko‘zlayotgan amaldorlar baho bermasin bu narsalarga. Chunki bu holatda baho xolis bo‘lishiga hech qanday kafolat yo‘q.

Yana bir narsa, halol raqobatdan qo‘rqmaymiz. Marhamat, agar kimda-kim hozirgi ta’lim standartlariga javob beradigan darslik yaratmoqchi bo‘lsa, yaratsin. O‘qituvchining oldiga tanlov qo‘yaylik, u o‘ziga ma’qulini tanlasin. Halol raqobatdan hamma yutadi. Lekin parda ortidagi asossiz gaplardan, bunaqangi nosog‘lom kurashdan millat zarar ko‘radi, ta’lim zarar ko‘radi, oxir-oqibat hammamiz zarar ko‘ramiz.

Sizdan iltimosimiz — mana shuni nazoratga olsangiz. Chunki Yangi O‘zbekistonning qanaqa bo‘lishini belgilaydigan eng asosiy omil bu ta’lim mazmuni”, — deydi Komil Jalilov.

Universitetning yana bir mas’ul xodimi Zulxumor Mirzayevaning ta’kidlashicha esa, hozirgi jarayonlar mualliflarning g‘oyalari aks etgan kitoblarning xalq ichiga kirib borishiga soya solmoqda:

“Biz qandaydir taraflarni himoya qilish uchun emas, o‘z g‘oyalarimizni, ta’limni himoya qilish uchun sizga murojaat qilyapmiz. Meni xafa qilayotgani, bugungi manfaatlar o‘rtasidagi ziddiyatlar, qarama-qarshiliklar ta’limning rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda. Bundan ta’lim, millat, muallif jabr ko‘ryapti. Tarixda qilingan xatolarni qaytarmaslikni juda ham istardim”.

Videomurojaatchi mualliflardan yana biri sifatli darslik yaratishga bo‘lgan ishtiyoqi baland bo‘lganini, ammo feyk xabarlar, tuhmat fikrlar bu ijodiy muhitni sustlashtirganini aytib o‘tgan.

“Sizdan yordam so‘ragan bo‘lardikki, ‘ta’lim sifati, ta’lim jarayoni yomon holatga keldi’ degan yot g‘oyalari bilan bizga xalal berishmasin”.

Hali darsliklar maktablarga yetib bormasidanoq boshlangan, kitoblarning nufuzini tushirishga yo‘naltirilgan kampaniya ta’sirida ommaning, jamoatchilikning ta’lim siyosatiga bo‘lgan ishonchi so‘nib qoldi. Bu murojaatda so‘z olgan Respublika ta’lim markazi xodimi Sa’dullo Quronovning fikrlari.

“Vaholanki, bu mualliflarning hammasi xorijiy tajribani o‘rgangan, aksariyati xorijda tahsil olgan, sizning ta’lim islohotidagi ilk qadamlaringizdanoq o‘zingizning tavsiyangizga amal qilgan, suhbatingizni olgan mualliflar hisoblanadi.

Bundan tashqari, YUNESKO, YUNISEFning doimiy ekspertlari darsliklarni yaratishda ishtirok etdi. Va ular kitoblarga juda yuqori baho berdi.

Mana endi o‘quvchilar yangi yondashuvdagi darsliklarga ko‘nikib borayotgan paytda bunday xabarlar ta’lim siyosatiga bolta uradi. Jadal qadamlar bilan boshlangan ijodiy jarayonni to‘xtatib qo‘yadi”, — deya Quronov Sa'dullo.

Izohlar: 8
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121500 | Инструменты