Prezident bugungi kunda navqiron farzandlarimiz Yangi O‘zbekiston ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotganini taʼkidladi.
Buning tasdig‘i yaqinda Parijda bo‘lib o‘tgan 33-yozgi Olimpiya o‘yinlarida yana bir bor yaqqol namoyon bo‘ldi. Azmu shijoatli o‘g‘il-qizlarimiz dunyodagi eng yirik sport anjumanida 8 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza medalni qo‘lga kiritdilar. Ular milliy sportimiz tarixida shonli sahifa ochdilar.
Shu kunlarda Parijdan yana ketma-ket quvonchli xabarlar kelayotgani aytildi. Paralimpiyachi o‘g‘il-qizlarimiz ham xalqimiz uchun Mustaqillik bayramiga munosib sovg‘alar hadya etishmoqda.
Mahoratli sportchilarimiz Asila Mirzayorova, Qudratulla Maʼrufxo‘jayev, Elbek Sultonov oltin medallarni, matonatli o‘g‘il-qizlarimiz Ziyodaxon Isoqova, Kubaro Hakimova kumush medallarni, Muslima Odilova, Tolibboy Yo‘ldoshev, Mohigul Xamdamova esa bronza medallarini qo‘lga kiritdilar.
“Mana, bizning qanday qahramonlarimiz, qanday o‘tyurak pahlavonlarimiz bor! Ularga tahsin va tasannolar bo‘lsin!” – dedi Prezident.
Bugungi nihoyatda murakkab va tahlikali davr oldimizga yangi-yangi sinov va muammolarni ko‘ndalang qilib qo‘yayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
“Lekin hayot qanchalik mashaqqatli bo‘lmasin, mamlakatimizda demokratik islohotlarni izchil davom ettirib, xalqimizni rozi qilishga, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Qurolli Kuchlarimizni zamonaviy qurol-yarog‘ va texnikalar bilan taʼminlash, ularning jangovar va maʼnaviy salohiyatini oshirishga bundan buyon ham ulkan eʼtibor qaratamiz.
Lekin, tinchlikni saqlash faqat harbiylarimizning ishi bo‘lib qolmasligi kerak. Bu barchamizning, har bir O‘zbekiston fuqarosining muqaddas burchi bo‘lishi shart.
Yurtning kuchi – birlikda, qadri esa tinchlikdadir!” – dedi davlatimiz rahbari.
Alpha version: 0.9.1.19 build 100721 | Инструменты