Huawei 1
Maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish tizimi soddalashtirilmoqda

Joriy yilning 20-sentyabr kuni Senatning ellik yettinchi yalpi majlisida “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish tizimini soddalashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda kichik tadbirkorlikni rivojlantirish, unga har tomonlama keng imkoniyatlar yaratish va bu yo‘nalishda investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan izchil islohotlar olib borilmoqda.

Mazkur qonun bilan “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonunga maxsus iqtisodiy zonalarning maʼmuriy kengashlari tugatilgach, ularning vazifalari maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalariga hamda yagona direksiyalarga yuklatilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Shuningdek, maxsus iqtisodiy zonalar hududida investitsiya loyihalarining biznes-rejalari yoki texnik-iqtisodiy asoslariga ekspertiza xulosalari olish talabi bekor qilinmoqda. Loyihalarning ushbu qonunda belgilangan talablarga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalari tomonidan mustaqil ravishda qabul qilinishi belgilanmoqda.

Ushbu qonunning qabul qilinishi maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish tizimini soddalashtirishga, investitsiyalar jalb qilish uchun shart-sharoitlarni yaxshilashga, investitsiya loyihalarini jadal amalga oshirishni taʼminlashga, shu asosda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi daromadlarini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92113 | Инструменты