Huawei 1
May oyida elektr energiyasi va tabiiy gaz ishlab chiqarish kamaydimi? –Energetika vazirligi munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda “may oyida elektr energiyasini ishlab chiqarish va tabiiy gaz qazib chiqarish kamaydi”, mazmunida xabarlar e’lon qilindi.

Mazkur xabarlar yuzasidan Energetika vazirligi izoh berdi

2024-yil may oyida elektr energiyasi ishlab chiqarish va yetkazib berish ko‘rsatkichlari quyidagicha:

Ushbu davr mobaynida respublikamizda 6,1 mlrd kVt•soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 337,9 mln kVt•soat yoki 5,8 foiz ko‘p.

Shuningdek, respublika iste’molchilariga 5,0 mlrd kVt•soat elektr energiyasi yetkazib berildi. Mazkur ko‘rsatkich 2023-yilning shu davridagiga nisbatan 297,1 mln kVt•soat yoki 5,7 foiz kam.

Shu jumladan, iqtisodiyot tarmoqlariga — 3,7 mlrd kVt•soat (92,2 mln kVt•soat ko‘p), aholi iste’molchilariga — 1,2 mlrd kVt•soat (393,7 mln kVt•soat kam) elektr energiyasi yetkazib berilgan. Ya’ni, aholi iste’molchilari tomonidan shuncha hajmdagi elektr energiyasi tejalgan.

Qolgan elektr energiyasi stansiyalarning o‘z ehtiyojlari va ishlab chiqarishdagi ehtiyoj hamda elektr energiyasini uzatishdagi sarf uchun ishlatilgan.

Kam yetkazib berilganining asosiy sababi shundaki, may oyida tariflar o‘zgarishi fonida aholi iste’molchilari elektr energiyasidan tejamkorlik bilan foydalanishgan. Sanoat korxonalari esa, yuqorida ko‘rganingizdek, prognozga nisbatan belgilangan hajmlarda elektr energiyasi iste’mol qilgan.

Ortiqcha ishlab chiqarilgan mazkur elektr energiyasi qo‘shni davlatlarga eksport qilindi.

Shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, hozirgi kunda O’zbekistonda 8 ta quyosh fotoelektr va bitta shamol elektr stansiyasi ishga tushirilgan bo‘lib, ular kunduz kuni 2000 MVt (umumiy ishlab chiqarishning 20 foizi)gacha “yashil” energiya ishlab chiqarmoqda. Buning yordamida import hajmi keskin kamaydi.

Shu bois, aytish mumkinki, bugungi kunda yurtimizda elektr energiya ishlab chiqarish bilan bog‘liq hech qanday muammo yo‘q. Aksincha, bundan buyon mamlakatimizda “yashil” elektr stansiyasilar quvvati oshirib borilaveradi va elektr energiyasi iste’molga (talabga) nisbatan ko‘proq ishlab chiqarilishiga erishiladi.

Shuningdek, may oyida 3 554,8 mln kub metr tabiiy gaz qazib olingan. Bu o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 41 mln kub metr kamni tashkil etgan.

Bunda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlari kamayishi Qandim gazni qayta ishlash zavodi va “Jarquduq” gazni kompleks tayyorlash qurilmasida rejaviy ta’mirlash ishlari va boshqa texnologik sabablarga ko‘ra yuzaga kelgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 63003 | Инструменты