O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston transport koridorini rivojlantirish masalasi muhokama etildi

Bugun, 29-iyun kuni Toshkent shahrida Pokiston va O‘zbekistonning yetakchi transport-ekspeditorlik kompaniyalari ishtirokida Logistika forumi bo‘lib o‘tdi.

Forumda Pokiston Savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Ahsan Ali Mangi, Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Axmad Faruk, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Xikmatulla Raxmetov, «Rossiya temir yo‘llari» OAJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Aleksey Pavlov hamda transport siyosatini yurituvchi davlat organlari, transport-ekspeditorlik kompaniyalari hamda ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

Forumda “O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” multimodal transport koridori orqali ikki tomonlama va tranzit yuk tashuvlariga qulay sharoitlar yaratish, mavjud to‘siqlarni birgalikda bartaraf etish hamda o‘zaro manfaatli strategik hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama etildi.

Shuni ta’kidlash joiz-ki, bugungi kunda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari yuk tashuvlar oqimini an’anaviy transport koridorlaridan “O‘zbekiston - Afg‘oniston - Pokiston” multimodal transport koridori orqali yo‘naltirishga katta qiziqish bildirmoqda. Statistika ma’lumotlariga ko‘ra 2023-yilda yuk ushbu koridor orqali tashuvlar hajmi 2021 yilga nisbatan 1,5 barobar ko‘paygan.

Forumda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov “O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” transport koridoridan muqobil transport yo‘lagi sifatida emas, balki tizimli foydalanishni yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidlab o‘tdi. Bu yo‘nalishda tomonlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish va umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish zarur, – dedi M.Omarov.

Forum davomida Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov “O‘zbekiston - Afg‘oniston - Pokiston” transport koridorini rivojlantirish bo‘yicha quyidagi takliflarni ilgari surdi:

  • yuk tashuvlarida undiriladigan yig‘imlarni kamaytirish va ularni har bir davlat hududida paritet asosida belgilash;
  • yo‘nalish bo‘ylab yuklarni sug‘urtalash mexanizmini ishlab chiqish va sug‘urta uchun to‘lanadigan to‘lovlarni jahon tajribasiga asosan belgilash;
  • yuklarni tashuv jarayonida xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha aniq mexanizmni ishlab chiqish;
  • tashuv jarayonida yuklarni ortish va tushirish operatsiyalari sonini kamaytirish;
  • og‘ir va nogabarit yuklarni yo‘lak bo‘ylab tashuvlarida aniq yo‘nalishlarni belgilash va mazkur tashuvlarni tashkil etish uchun normativ hujjat ishlab chiqish;
  • yuk tashuvlari jarayoniga raqamlashtirishni keng joriy qilish;
  • mazkur transport koridorining “yuragi” hisoblangan Salang dovonining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish bo‘yicha birgalikda o‘rganishlarni tashkil etish va takliflar ishlab chiqish.
Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70201 | Инструменты