Huawei 1
Migratsiya agentligi: Angliyadagi mavsumiy ishlarga tanlov qayta tashkil etiladi

O‘zbekistonliklar uchun Buyuk Britaniyadagi mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga tanlov qayta tashkil etiladi. Bu haqda 17-yanvar kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Migratsiya agentligi direktori o‘rinbosari Matlab Quronov ma’lum qildi.

Joriy yilning 10-yanvar kuni agentlik hamda Britaniyaning “Hops” rekruting kompaniyasi tomonidan fuqarolarni ishga jalb qilish bo‘yicha tanlov tashkillashtirilgandi. Biroq, 15-yanvar kuni agentlik natijalar kompaniya tomonidan bir yoqlama bekor qilinganini xabar berdi.

“Bu loyiha oxirgi 2 yil davomida agentlik va Angliya ish beruvchisi tomonidan qonuniy [tartibda] tashkillashtirilib kelingan. Oldingi yilda ham [fuqarolar] ketishgan, lekin [tizimda] xatolar kuzatilgan. Bu yil ulardan kelib chiqqan holda yondashdik, shunga qaramay, ma’lum bir muammolar yuzaga keldi”, — dedi Quronov.

U arizalarni qabul qilishda qancha vaqt berilishi tashkilotga bog‘liqligini ta’kidladi. Ya’ni agentlik faqat ish beruvchi aytgan sharoit va vaqtni tashkillashtirib beradi. “Yakuniy ro‘yxatda „shuncha odam o‘tdi, shunga viza rasmiylashtirishga, bizga yuborishga yordam ber“, deyishsa, shuni ta’minlab beramiz”, dedi agentlik direktori o‘rinbosari.

Matlab Quronovning qayd etishicha, oldingi yilgi tanlovda 1 mlnga yaqin fuqaro murojaat qilgan bo‘lsa, bu yil ularning soni 3 mlnga yetgan. Agentlik o‘tgan yilgi kamchiliklar asosida o‘z platformasini mukammallashtirgan.

“Shunga qaramay, texnik sabablar tufayli [platforma] bir vaqtning o‘zida shuncha murojaatlarni qabul qila olmadi. Shu sababli [ro‘yxatdan o‘tish] vaqti 4 soatdan 6 soatga uzaytirildi. Lekin ular (Angliya kompaniyasi — „Spot“ izohi) o‘z talabidan kelib chiqqan holda, olti soatdan ko‘proq qilisha olmadi. Endi kompaniya bilan tanlovni qayta e’lon qilishga kelishdik”, — dedi u.

Quronov fuqarolar tomonidan kompaniyaga onlayn ro‘yxatdan o‘tolmaganliklari bo‘yicha murojaatlar bo‘lganini ta’kidladi. Tanlovning qayta tashkil etilishini “adolatli qaror” deb atadi u.

Fuqarolarga teng sharoit yaratish maqsadida platformada ro‘yxatdan o‘tish imkoniyatini kengaytirish, vaqt masalasini hal qilish borasida ishlar olib borilmoqda.

“Talab kuchayib borayotgani sabab, ba’zi vaziyatlarda texnika bunga javob bermayapti, lekin bundan keyin, yaqin orada e’lon qiladigan tanlovlarga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Vaqt va imkoniyatni kengaytirib, fuqarolarga sharoitlar yaratib beramiz. Adolatsizlik bo‘lmasligi uchun birinchi tanlovdan o‘tganlarning ham natijalarini bekor qildik, keyinchalik norozilik bo‘lmasligi uchun hammaga teng imkoniyat masalasini o‘ylab chiqyapmiz”, — deya xulosa qildi Matlab Quronov.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 12017 | Инструменты