Huawei 1
2024-yilda O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 30%ga oshdi

2024-yilda O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi $14,8 mlrdni tashkil qildi. Bu haqda Markaziy bankning jismoniy shaxslarning valyuta operatsiyalari bo‘yicha qisqacha sharhida keltirilgan.

Ko‘rsatkich 2023-yilga nisbatan 30%ga yoki $3,4 mlrdga oshgan. O‘z navbatida, bu deyarli regulyatorning o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha prognozlariga yetdi.

O‘tkazmalarning 77%i Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Yanvar-dekabr oylarida mamlakatdan jami $11,5 mlrd miqdorida pul jo‘natmalari amalga oshirilgan bo‘lib, bu oldingi yilga nisbatan 29%ga oshgan.

Undan keyingi o‘rinlarda $795 mln bilan Qozog‘iston hamda $577 mln (+35%) bilan AQSh turibdi. Janubiy Koreya esa Qo‘shma Shtatlardan biroz kamroq farq — $534 mln (+56%) bilan keyingi pog‘onada joylashdi.

Shuningdek, transfertlarning qolgan qismi Turkiya ($405 mln), Buyuk Britaniya ($135 mln, +83%) va boshqa mamlakatlardan o‘tkazilgan. O‘tgan davrda Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 32%ga o‘sish kuzatildi.

Markaziy bank xalqaro pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishini mehnat migrantlarini qabul qiluvchi mamlakatlarda iqtisodiy faollik, ishchi kuchiga talab va ish haqlarining oshishi hamda migratsiya geografiyasida daromadli mamlakatlarning ortishi bilan izohladi. Mehnat migratsiyasida mavsumiylik omili hamda migrantlar ishlayotgan an’anaviy mamlakatlardagi milliy valyuta kursidagi tebranishlar ham o‘tkazmalarga ta’sir qilgan.

Bundan tashqari, jismoniy shaxslarga kelib tushgan mablag‘larning $8,2 mlrdi an’anaviy xalqaro pul o‘tkazma tizimlari orqali (o‘sish 14%), $5,9 mlrdi aholi bank kartalariga p2p-o‘tkazmalari orqali (51%) hamda $774 mlni bank o‘tkazmasi (SWIFT) orqali (2,1 barobar o‘sish) amalga oshirilgan.

2024-yilda O‘zbekistondan chet elga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi $2,8 mlrdni (+19%) tashkil qildi.

To‘g‘ridan to‘g‘ri o‘tkazmalar tezkorligi, qulayligi va nisbatan arzonligi hisobiga ommalashib borayotgani qayd etildi. O‘tgan yilda p2p tranzaksiyalari soni qariyb 71 mlntaga yetgan bo‘lsa (+47%), o‘tkazmalar hajmining kelib tushgan jami mablag‘lar hajmidagi ulushi 40%gacha ko‘paydi (2023-yilda bu 34% edi).

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 12019 | Инструменты